O‘zbekiston | 07:40 / 29.06.2024
3446
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar muammolarni norasmiy hal qilish holatiga qaysi vazirliklarda ko‘proq duch kelayotgani aytildi

Fuqarolarning fikri asosida, korrupsiyaviy vaziyatga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan eng korrupsiyalashgan davlat organlari, vazirlik va idoralar reytingi tuzildi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Joriy yilning 27 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda “Korrupsiya - jamoatchilik fikri ko‘zgusida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida agentlik hamda “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan mamlakatdagi korrupsiyaning mohiyati va sabablari, korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligi haqida jamoatchilikning fikri va munosabatini o‘rganish maqsadida joriy  yilning  aprel-may oylarida  o‘tkazilgan “Fuqarolar O‘zbekistonda korrupsiya to‘g‘risida” mavzusida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari taqdimot qilindi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 42,5 foiz respondentlar mamlakatda korrupsiyaning tarqalganlik darajasini “o‘rtacha” deya baholadi, 18,9 foiz korrupsiya darajasi “yuqori”, 11,6 foiz “past” degan fikrda. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, fuqarolarning fikri asosida, korrupsiyaviy vaziyatga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan eng korrupsiyalashgan davlat organlari, vazirlik va idoralarning reytingi tuzildi. Olingan javoblarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar ko‘pincha o‘z muammolari yoki masalalarini norasmiy hal qilish holatiga Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish, Qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi, Ichki ishlar vazirligi kabi tuzilmalarda duch kelishadi.

O‘tkazilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, 46,3 foiz fuqarolarning fikricha, mamlakatda korrupsiya oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishi barcha sohalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatda korrupsiya darajasini pasaytirishga yordam bermoqda. 26,9 foiz so‘ralganlarning fikricha, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, korrupsiya darajasi o‘sishda davom etmoqda.

Aniqlanishicha, fuqarolarni korrupsiyaviy munosabatlarga va noqonuniy xatti-harakatlarga undaydigan asosiy sabablar byurokratik paysalga solinishlardan qutilish istagi, mavjud muammolarni hal qilishga intilish  yoki shunga ehtiyoj, muammoni qonuniy hal qilish uchun vaqt yoki imkoniyatning yo‘qligi hisoblanadi. Shuningdek, pora yordamida masalalarni hal qilish odatiy amaliyot, umumqabul qilingan xatti-harakat, muammoni hal qilishda yordam bergan mansabdor shaxsga minnatdorchilik bildirish shakli hisoblanadi, degan tasavvur jamoatchilikda keng tarqalgan.

Mavzuga oid