O‘zbekiston | 08:00 / 30.10.2024
18706
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik va idoralar xodimlari soni qisqartirilmoqda

Prezident qarori bilan vazirlik va idoralarning rahbar va ishlab chiqarish xodimlari 5,2 foizga qisqartirilmoqda. Hokimliklarning boshqaruv apparati xodimlari soni ham kamaytiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 22 oktyabrdagi farmoni bilan davlat organlarining boshqaruv xodimlari sonini qisqartirdi.

O‘zbekistonda hozirgi kunda 21 ta vazirlik, 14 ta qo‘mita (13 ta edi), 26 ta agentlik (25 ta) va 9 ta inspeksiya (11 ta), jami 70 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari mavjud.

70 ta davlat organi boshqaruv xodimlarining maksimal soni 53 560 nafar etib belgilandi.

Bungacha xodimlar soni 56 509 nafarni tashkil etgan, ya’ni boshqaruv xodimlarining 5,2 foizi qisqartirilgan (2949 shtat birligi). Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan respublika organlari xodimlarining soni 51950 ming nafardan 49105 nafarga (-2845 nafar), budjyetdan tashqari mablag‘lar hisobidan esa 4919 nafardan 4455 nafarga (-464) qisqartirilgan.

Masalan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 580 nafar xodimni — 5626 nafargacha qisqartiradi, biroq o‘rinbosarlar soni 7 nafardan 8 nafarga oshadi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida — 1024 nafarga (-336 nafar), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida esa — 3234 (-1416) nafargacha qisqaradi.

Bojxona qo‘mitasida xodimlar soni 693 ga — 4690 nafargacha, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida 152 nafardan 585 nafarga (+433) ko‘paydi.

Shu bilan birga, viloyatlar hokimliklari (Toshkent viloyatidan tashqari) boshqaruv apparati xodimlarining maksimal soni 52−57 tadan 61−70 birlikka ko‘paytirilib, ularning umumiy soni 763 tani tashkil etdi.

Viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari boshqaruv apparatlari xodimlarining maksimal soni 706 nafardan 886 nafarga, shu jumladan, bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha loyiha idoralari xodimlarining soni 46 nafarga oshirilmoqda.

Viloyat markazlari va Qoraqalpog‘iston poytaxti hokimliklari boshqaruv apparati xodimlarining eng ko‘p soni 445 dan 330 ga, viloyatlarga bo‘ysunuvchi shaharlar hokimliklarida — 485 dan 348 ga, qishloq tumanlari hokimliklarida — 5173 dan 3809 ga, Toshkent shahri tumanlari hokimliklarida — 568 dan 359 gacha qisqardi.

Hokimliklardagi xodimlar sonining kamayishi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda hokimliklar huzuridagi markazlarning tugatilib, ularning vazifalari Bandlik vazirligiga o‘tkazilgani bilan ham bog‘liq.

Mavzuga oid