O‘zbekiston | 17:52 / 09.07.2024
19248
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda keng ko‘lamli pensiya islohotini o‘tkazish taklif qilindi

Pensiya tizimidagi nomuvofiqlik fuqarolar pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanini anglatadi, deyiladi Strategik islohotlar agentligi tahlilida. Agentlik pensiya yoshi va pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, umuman pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilishga chaqirmoqda.

Foto: Kun.uz

Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda pensiya tizimini yaxshilash imkoniyatlarini o‘rganib, bir qator takliflar tayyorladi.

Agentlikka ko‘ra, O‘zbekiston “Allianz Pension Ranking 2023” pensiya reytingida 75 ta mamlakat qatorida 71-o‘rinni egallagan (Qozog‘iston – 34, Rossiya – 37, Turkiya – 59-o‘rinda). Mazkur reyting uchta sub-indekslarga asoslangan, bular: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi (bunda 1 – eng yuqori baho). O‘zbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan (bazaviy sharoitlar bo‘yicha 4,4; barqarorlik bo‘yicha 3,6 va monandlik bo‘yicha 5,3).

O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi (12-25 foiz) boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffitsiyenti (55 foiz) o‘rtacha. Ushbu ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanini anglatadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past bo‘lib – 38 foizni tashkil etadi. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.

O‘zbekiston pensiya tizimi majburiy badallar bo‘yicha belgilangan to‘lov tizimidan iborat bo‘lib, borgan sari davlat budjetidan ko‘proq moliyalashtirilmoqda.

So‘nggi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 baravarga oshgan bo‘lsa, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020 yildan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.

2022 yilda transfert miqdori 11 trln so‘m (jami xarajatning 24,7 foizi)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 15 trln so‘m (29 foiz) ko‘zda tutilgan. 2030 yilda transfert miqdori 38 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Aksariyat mamlakatlarda mazkur komponent kasbiy pensiya dasturlari yoki shaxsiy jamg‘arish dasturlari bilan to‘ldiriladi. O‘zbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Mavjud bo‘lgan yagona individual jamg‘arish dasturi majburiy bo‘lib, badallar stavkasi past bo‘lgani (oylik ish haqining 0,1 foizi) va cheklovchi qoidalari ko‘p bo‘lgani bois katta ahamiyat kasb etmaydi.

Ushbu mablag‘larga har yili inflatsiya miqdorida foiz daromadlari (2021 yilda 10 foiz, 2022 yilda 12,4 foiz, 2023 yilda 8,8 foiz) hisoblansa-da, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yo‘naltirish huquqiga ega emas.

Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda pensiya tizimini takomillashtirish uchun quyidagilarni taklif qilmoqda:

  • Xalq bankidagi amaldagi majburiy pensiya jamg‘arma hisobvaraqlari tizimi ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga o‘tkazilishini ta’minlash;
  • yirik ish beruvchilarga kasbiy pensiya ta’minoti tizimini joriy etishga ruxsat berish, ularni moliya institutlari bilan hamkorlik uchun bog‘lash;
  • o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan davlat pensiya jamg‘armasiga kiritiladigan badallar miqdorini bir martalik qat’iy belgilangan miqdor o‘rniga daromadlariga bog‘liq qilib belgilash. Ularga oz miqdorda badal kiritishga ruxsat berish;
  • har bir pensiya uchun ma’muriy va operatsion xarajatlarni kamaytirish uchun davlat pensiya jamg‘armasi boshqaruvini takomillashtirish. Shaffoflikni oshirish, pensiyaning aniq mezonlarini belgilash. Tizimni yanada avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirish imkoniyatini beradi;
  • rasmiy bandlik darajasini, shu jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida oshirish. Bu pensiya ta’minoti tizimiga badallar bazasini va aholining qamrov darajasini oshirish imkonini beradi.

Agentlikka ko‘ra, pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish kerak. Bunda: pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, shu jumladan pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish, ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq, deyiladi rasmiy axborotda.

Mavzuga oid