O‘zbekiston | 16:00 / 31.07.2024
3826
5 daqiqa o‘qiladi

Tekin pishloq qopqonda: firibgarlarni aniqlash uchun tavsiyalar

Foto: Finlit.uz

Bugun firibgarlikning turli ko‘rinishlari orqali fuqarolarni chuv tushirayotganlar foydalanadigan usullarni bilish – mablag‘ingizni himoya qilishning yagona yo‘lidir.

Bugungi kunda firibgarlar odamlarga “investitsiya kompaniyalariga” pul o‘tkazishni va kuch hamda vaqtni behuda sarf qilmasdan muntazam ravishda daromad olishni taklif qilishadi. Ularning va’dalari shubhali bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik ularning hiylalariga tushib, o‘z mablag‘larini yo‘qotmoqdalar. Bu maqolada Finlit.uz jamoasi Sizga firibgarlar qanday nayranglardan foydalanishi haqida aytib beradi.

Nima uchun investitsiya sohasi firibgarlar uchun jozibador hisoblanadi?

Investitsiya faoliyatini amalga oshirish yuqori tajriba va malaka talab qilib, bular odatda oddiy fuqaroda bo‘lmaydi. Shu sababdan, firibgarlar bu masalada odamlarni aldashlari oson bo‘ladi. Ular o‘zlarini yuqori malakali mutaxassislar sifatida tanishtirishadi va daromadlarni qo‘shimcha majburiyatlarsiz oshirishni taklif qilishadi.

Firibgarlar pul undirish uchun qanday sxemalardan foydalanadilar?

Telefon firibgarligi hozirgi kunda keng tarqalmoqda. Firibgar qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini taniqli investitsiya kompaniyasining tahlilchisi sifatida tanishtiradi. Keyin u qo‘shimcha yuqori daromad olish uchun fuqaroga mablag‘larni nomi taniqli kompaniya nomiga juda o‘xshash tashkilotga o‘tkazishni taklif qiladi. Tashkilot nomidagi farq deyarli sezilmasligi mumkin: qo‘shimcha harf, yozishda harflardan biri lotin alifbosida yozilishi va hokazo.

Professional atamalardan foydalanib, u "alohida" takliflar haqida gapirib beradi, masalan, avtomobil sotish, qurilishga va hokazolarga investitsiyalar kiritish. Sodda odamlar esa bu albatta daromad keltirishiga ishonishi mumkin.

Agar firibgarlar nayrangiga tushib qolsangiz nima qilish kerak?

Hodisa haqida zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish kerak. Esingizda bo‘lsin: telefon firibgarlarini topish juda qiyin, shuning uchun biz investitsiya kompaniyasining ofisida hujjatlarning asl nusxasini tekshirgandan so‘ng imzolashni tavsiya etamiz.

Agar investitsiya shartnomasi imzolangan bo‘lsa, qonunbuzarlardan pul undirish uchun sudga murojaat qilishingiz mumkin. Agar sizning qo‘lingizda shartnoma bo‘lmasa, quyidagi dalillarni (audio yoki video yozuv, messenjerdagi yozishmalar) taqdim eta olsangizgina sudga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Esda tutingki, bugungi kunda odam mas’uliyatli moliyaviy qarorlar qabul qilish uchun bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa, pullarini yo‘qotishi juda oson.

Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin?

1. Sizga qo‘ng‘iroq qilgan xodimdan tashkilotning to‘liq nomi, lavozimi, to‘liq ismi haqida ma’lumotni so‘rang. Suhbatni darhol to‘xtating va kompaniyaning veb-saytida ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilib, xodim ular tashkilotida ishlaydimi yoki yo‘qmi surishtiring.

2. Agar siz bilan kompaniyaning veb-saytidagi raqamdan qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanishsa, bu uning xodimi bilan gaplashayotganingizni anglatmaydi. Firibgarlar ko‘pincha raqamni soxtalashtirishga imkon beruvchi dasturlardan foydalanadilar.

3. Agar xodim sizni ofisiga taklif qilsa, kompaniya veb-saytida ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ofis manzillarini tekshirishni unutmang.

4. Agar sizdan hisob ochish uchun investitsiya kompaniyasining veb-saytida ro‘yhatdan o‘tish so‘ralsa, manzil satriga e’tibor berishni unutmang: to‘g‘ri veb-saytda ekanligingizga ishonch hosil qiling.

5. Ulanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling. Agar sayt manzili oldida "https" bo‘lsa, unda xavotirga o‘rin yo‘q.

6. Qog‘oz shartnomalarni ustun qo‘ying. Onlayn shaklda tuzilgan shartnomalar elektron resurslardan o‘chirilishi mumkin. Agar qo‘lingizda asl hujjatlar bo‘lsa, kelajakda kerak bo‘lib qolsa, sud yoki davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin. Investitsiya shartnomasini tuzishdan oldin pul o‘tkazmang.

8. Shartnoma shartlariga e’tibor bering. Hujjatda kompaniya xodimi sizga aytgan shartlar ko‘rsatilishi shart. Agar ular matnda bo‘lmasa va xodim ularni ko‘rsata olmasa, unda shartnoma tuzish va pul o‘tkazishdan bosh tortish yaxshiroqdir.

Finlit.uz saytini kuzatib boring va har doim moliyaviy yangiliklardan xabardor bo‘ling.

Reklama