Jahon | 08:05 / 02.08.2024
5051
5 daqiqa o‘qiladi

Berlin: Krasikovni Rossiyaga topshirish qiyin qaror bo‘ldi

Qotil Krasikovni mahbuslar almashinuvi doirasida Rossiyaga topshirish qiyin qaror bo‘ldi, deya ma’lumot berdi Germaniya hukumati. U Rossiya Federatsiyasi va Belarusda noqonuniy ravishda sudlangan 16 kishining ozod etilishiga erishganliklarini ta’kidladi.

Foto: AP

Germaniya hukumati 1 avgust, payshanba kuni Rossiya Federatsiyasi va G‘arb o‘rtasidagi yirik mahbus almashinuvi doirasida qotil Vadim Krasikovni Rossiyaga topshirish oson qaror bo‘lmaganini tan oldi. Berlin Rossiyada noqonuniy qamoq jazosiga hukm qilingan 15 kishini va Belarusda avvalroq o‘lim jazosiga hukm qilingan bir Germaniya fuqarosini ozod qilishga erishilganini ta’kidladi

«Tarozi bir tomonida davlatning qamoq jazosiga hukm qilingan shaxs (Krasikov) hukmini ijro etishdan manfaatdorligi, ikkinchi tomondan - erkinlik, jismoniy farovonlik va - ba’zi hollarda - begunohlar hayoti. Rossiyada qamalgan odamlar va nohaq hukm qilingan siyosiy mahkumlar, nemis fuqarolarini himoya qilish va AQSh bilan birdamlik muhim sabablar edi», dedi Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt. 

Rasmiy Berlin Rossiya va Belarus hukumatini nohaq sudlangan barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. «Biz Rossiya Federatsiyasida Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush haqida o‘z fikrlarini va haqiqatni aytgani uchun hali ham qamoqda o‘tirganlarning barchasiga qo‘llab-quvvatlov bildiramiz», deb ta’kidladi Xebeshtrayt. 

Ayni paytda, Germaniyaning Bild tabloidi yozishicha, GFRdagi tergovchilar Krasikov ozod etilishidan «g‘azablangan». Nashrning yozishicha, Federal bosh prokuratura voqeani Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan «haddan tashqari yon bosish» deb hisoblaydi. 

Shols: Germaniya begunoh qamalgan mahbuslar uchun kurashishni davom ettiradi 

Germaniya hukumati Rossiya va Belarusda siyosiy sabablarga ko‘ra qamalganlarning barchasini ozod qilish uchun kurashni davom ettiradi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols 2 avgust, jumaga o‘tar kechasi Kyoln/Bonn aeroportida Rossiya Federatsiyasi va Belarusda ozod etilgan siyosiy mahbuslar bilan Anqaradan uchgan samolyot qo‘nishidan biroz oldin jurnalistlarga ma’lum qildi. 

Mahbuslar almashinuvida kimlar ishtirok etdi?

1 avgust, payshanba kuni Anqara aeroportida Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tganini Turkiya rasmiylari tasdiqladi. Turkiya ommaviy axborot vositalari jarayondan olingan tasvirlarni namoyish qilgan va unda 26 kishi ishtirok etganini xabar bergan. 

Rossiya almashinuv paytida G‘arb davlatlariga: siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, huquq himoyachisi Oleg Orlov, jamoat arbobi Andrey Pivovarov, rassom Sasha Skochilenko, muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari Liliya Chanisheva, Kseniya Fadeyeva va Vadim Ostanin, Germaniya fuqarosi Kevin Lik; jurnalist Ivan Safronov ishi qatnashchisi, Rossiya va Germaniya fuqaroligiga ega siyosatshunos Diter Voronin, Germaniya va Rossiya fuqarosi Germana Moyjyes, AQSh fuqarolari Pol Uilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva, Germaniya fuqarosi Patrik Shobelni topshirdi. Belarus hukumati ham o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Krigerni ekstraditsiya qildi. 

Rossiyaga «Tirgarten qotili» Vadim Krasikovdan tashqari, AQShda kompyuterni buzish va firibgarlikda ayblanib 9 yilga qamalgan Vladislav Klyushin; Sloveniyada josuslikda ayblanib 1 yil 7 oyga qamalgan Artem va Anna Dulsevlar; Polshada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Pavel Rubsov; Norvegiyada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Mixail Mikushin; Qo‘shma Shtatlarda kiberfiribgarlikda ayblanib 27 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Roman Seleznev; AQShda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiya va Amerika o‘q-dorilarini kontrabanda qilishda ayblangan Vadim Konoshchenok qaytdi.

Gershkovich, Uilan, Kurmasheva va Kara-Murzaning ozod etilgani Oq uy tomonidan tasdiqlandi. Der Spiegel nashri Krasikov Germaniyadan uchgan samolyotda bo‘lganini yozdi. Lik, Orlov, Skochilenko, Fadeyeva, Yashin va Pivovarovlarning ozod etilgani ular qarindoshlari va qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan.

Amerikalik jurnalist Pyotr Sauer X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Gershkovich, Kurmasheva va Uilanning ozodlikka chiqqanidan so‘ng tushgan birinchi suratini e’lon qildi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, uchalasi ham AQShga yo‘l olgan. 

OAV: MRB almashinuvda muhim rol o‘ynadi 

Bu sovuq urush davridan beri Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi eng yirik mahbus almashinuvidir. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, bunda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va xususan, uning rahbari Uilyam Berns muhim rol o‘ynagan. 

Mavzuga oid