Ukraina fondiga 52 dollar o‘tkazgan AQSh va Rossiya fuqarosi «davlatga xiyonat»da ayblandi
Sud hukmi bilan Karelina 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, shuningdek, u 300 ming rubl miqdorida jarima to‘laydi.
Sverdlovsk viloyat sudi AQSh va Rossiya fuqarosi bo‘lgan Kseniya Karelinani «davlatga xiyonat»da aybdor deb topib, uni 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi, deb xabar beradi sud matbuot xizmati.
Sudyalar qarori bilan, shuningdek, unga 300 ming rubl miqdorida jarima tayinlandi. Prokurorlar Karelinaga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so‘ragan. Avvalroq sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan edi.
Sudlanuvchining advokati Mixail Mushailov hukm ustidan qisman shikoyat kiritilishini ma’lum qildi.
«Sud hukmining ashyoviy dalillar borasidagi qismiga qarshi da’vo kiritamiz. Mazkur holatda telefon daliliy ashyo hisoblanadi. Telefonda ko‘plab shaxsiy ma’lumotlar, oilaviy suratlar bor, ammo sud ularni yo‘q qilishni buyurdi», — deydi Mushailov.
Yekaterinburglik Kseniya Karelina Los-Anjyelesda yashab kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarga Ural federal universitetida tahsil olganini yozgan. 2021 yilda u AQSh fuqaroligini olganini, 2023 yilda bergan intervyusida amerikalik erkakka turmushga chiqqanini aytgan.
Karelina 2024 yilning fevralida Yekaterinburgda, qarindoshlarinikiga kelganida qo‘lga olingan va u Ukraina Qurolli kuchlari uchun pul to‘plaganlikda ayblangan. FXX versiyasiga ko‘ra, Karelina 2022 yil fevraldan beri «Ukraina tashkilotlaridan birining manfaatlarini ko‘zlab faol ravishda pul yiqqan. Tashkilot esa mablag‘larni keyinchalik Ukraina Qurolli kuchlariga taktik tibbiy vositalar, qurol va o‘q-dorilar sotib olish uchun o‘tkazgan».
«Birinchi bo‘lim» inson huquqlari loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Karelinaga qarshi ochilgan jinoyat ishi materiallarida qayd etilishicha, 2022 yil 24 fevral kuni u o‘z hisob raqamidan AQShdagi ukrainaliklar tomonidan ochilgan Razom for Ukraine fondiga 51,8 dollar o‘tkazgan. Kuchishlatar tizim xodimlari pul o‘tkazmasidan Karelina telefonini titib chiqqanidan keyin xabar topgan. Hibsga olingunga qadar Karelina mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ammo u ma’muriy qamoqdan chiqishga ulgurmagan — jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
10:42
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
22:15 / 07.11.2024
Peskov Harrisning so‘zlariga «Putin odamlarni yemaydi» deb javob qaytardi
20:40 / 07.11.2024
Google xaritalardan Ukrainadagi harbiy obektlar tasvirini olib tashladi
09:47 / 07.11.2024