Jahon | 11:40 / 16.08.2024
3563
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Havo kuchlari: 29 ta hujumkor dron urib tushirildi

Ukraina Havo kuchlari xabar berishicha, Rossiyaning 29 ta Shahed hujumkor uchuvchisiz uchoqlari urib tushirilgan. Ukraina Qurolli kuchlari hujumi «Rossiyaning mudofaasi, logistikasi va xavfsizligiga jiddiy ta’sir qiladi», deya ma’lumot berdi ISW.

Foto: GLEB GARANICH/REUTERS

15 avgust kuni Rossiya Qurolli kuchlari Kursk viloyati havo hududidan uchta X-59 boshqariladigan raketa hamda Primorsko-Axtarsk, Yeysk va Kursk tumanlaridan 29 ta Shahed tipidagi hujumkor dronlari bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lum qildi. 

Ukraina mudofaa kuchlarining mobil o‘t ochish guruhlari, aviatsiya, zenit-raketa bo‘linmalari va radioelektron kurash vositalari Mikolayiv, Cherkassk, Kirovoxrad, Xerson, Zaporijjya, Sumi, Chernixiv va Kiyev viloyatlari osmonida 29 ta UUAni urib tushirdi. 

ISW: Ukraina hujumi «Rossiyaning mudofaasi, logistikasi va xavfsizligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi» 

Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti (ISW) rossiyalik urush tarafdori bo‘lgan blogerlarga tayanib, 14 avgust kuni Ukraina qo‘shinlari «Kursk viloyatida ozgina muvaffaqiyatga erishgani» haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari hujumi «Rossiyaning mudofaasi, logistikasi va xavfsizligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi», deb ta’kidladi ISW tahlilchilari. Rossiya rasmiylari Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga qarshi kurashish maqsadida yollashni davom ettirmoqda, deya qo‘shimcha qildi ular. 

14 avgustga kelib, Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina tomoni Rossiya hududining 1000 kvadrat kilometrini, jumladan kamida 74 ta aholi punktini nazorat qilyapti.

Kursk viloyatining Glushkovo tumanida evakuatsiya 

Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 14 avgust, chorshanba kuni Ukraina bilan chegaradosh Glushkovo tumani aholisi majburiy evakuatsiya qilinishi haqida bildirdi. Avvaliga rasmiy Glushkovo poselkasi aholisi evakuatsiya qilinishini aytdi, biroq ikki soatdan so‘ng qaror butun hududni qamrab oldi. 

Ketish jarayoni huquq-tartibot idoralari, harbiy xizmatchilar, mahalliy ma’muriyat va Kursk “Patriot” markazi a’zolari tomonidan muvofiqlashtiriladi, dedi Smirnov. “Hurmatli vatandoshlar, mavjud vaziyatga tushunish bilan munosabatda bo‘lishingizni hamda xavfsizlik kuchlari va mahalliy hokimiyatlarning barcha tavsiyalariga amal qilishingizni so‘rayman”, — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida. 

Kursk va Belgorod viloyatlarining chegara hududlari aholisi Ukraina Qurolli kuchlarining hujumi fonida uylarini tark etmoqda. Avvalroq Kursk viloyatining Bolshesoldatskiy, Korenev va Sudja tumanlarida evakuatsiya e’lon qilingan edi. Bundan tashqari, gubernator Vyacheslav Gladkovning xabariga ko‘ra, qo‘shni Belgorod viloyati Krasnoyarujskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tashlab ketishgan. 

Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga hujum boshladi. Janglar Korenev va Sudja hamda Belovskiy tumanlarida davom etmoqda. 

Mavzuga oid