Rossiya davlat propagandasi Kursk oblasti yerlari uzoq muddatga yo‘qotilganiga xalqni tayyorlamoqda
RF prezidenti administratsiyasi davlat propagandachilariga aholini Kursk oblasti uchun janglar uzoq davom etishiga tayyorlash to‘g‘risida buyruq bergan, deb xabar qilmoqda “Meduza” Kremlga yaqin manbalariga tayanib.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududlaridan biriga bostirib kirishini hokimiyat “yangi normallik” sifatida taqdim etishni, fuqarolar sodir bo‘lgan reallikka ko‘nikishi va unga nisbatan shokka tushiruvchi holatdek munosabatda bo‘lishni bas qilishini ko‘zlamoqda.
“Odamlar sodir bo‘layotgan voqealarni aql bovar qilmas hol emas, vaqtinchalik bo‘lsa ham yangi normal hol sifatida qabul qilishlari zarur. Normadan og‘ish bilan yashash qiyin. Yangi norma bilan esa yashash osonroq”, — degan “Meduza”ga RF PAning ichki siyosiy bloki bilan hamkorlik qiluvchi mediatexnolog.
Kremlning o‘ylanmasiga ko‘ra, davlat OAVlari rossiyaliklarga hududlarni qaytarish uchun vaqt talab etilishi va “kutish zarurligi”ni tushuntirishi lozim bo‘ladi, odamlarning dastlabki shoklarini esa hukumat “ijobiy irmoq”qa burishni rejalashtirmoqda. Buning uchun prezident administratsiyasi gubernatorlariga Kursk oblastiga yordam yig‘ishni tashkillashtirish vazifasi topshirilgan.
Oylik maoshdan ixtiyoriy-majburiy yig‘imlar budjet sohasi hamda ayrim davlat korporatsiyasi xodimlarining gardaniga tushishi mumkin, degan “Meduza”ning hududiy mulozimlar orasidagi manbalari. Prezident apparati rossiyaliklarning bo‘layotgan hodisalardan bezovtaligiga e’tibor qaratgan: ijtimoiy fikr fondi so‘rovlariga ko‘ra, Kursk oblasti hududining egallanishidan aholining 45 foizi tashvishlanib qolgan — bu “Vagner” XHKning 2023 yil iyulidagi isyonidan buyon kuzatilgan eng katta ko‘rsatkich.
Garchi Kurskda yo‘qotilgan hududlarni tezda qaytarib olish qiyin bo‘lsa-da, Kremldagilar bu ko‘rsatkichni tushirish vazifasini qo‘ymoqda: “Meduza” manbalarining so‘zlariga ko‘ra, janglar bir necha oy davom etishi mumkin. Boz ustiga, “hammasi biz o‘ylagandek bo‘lib chiqsa”, degan hukumatga yaqin manbaning aytishicha, bu baholashlar “yetarli darajada optimistik” hisoblanadi.
20 avgust kechiga ko‘ra, Kursk oblastining 93 ta aholi punkti va 1,3 ming kilometr kvadrat maydoni Kiyev nazorati ostiga o‘tganini Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ma’lum qilgan.
Yaqin fursatlar ichida Ukraina kuchlari maydonni bir yarim barobarga oshirishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti Glushkovo rayonida uchta ko‘prikni urib tashlagach, Seym daryosidan janubda joylashgan hududlar to‘laqonli ta’minotdan uzilib qolgan.
Garchi Kreml davlat propagandasiga tayanayotgan bo‘lsa-da, bu faqatgina taktik ayyorlik bo‘lib, jamiyatda borgan sari to‘planib kelayotgan toliqish va negativni bartaraf etishga ojiz, degan siyosatshunos Abbos Gallyamov.