Jahon | 13:00 / 22.08.2024
2870
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: Rossiya urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor emas

Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatish uchun muzokaralar olib borish o‘rniga, Moskva o‘zi nazorat qilmaydigan hududlar egallab olinganini tan olishni talab qilmoqda, deya ma’lumot berdi Germaniya tashqi ishlar vazirligi.

Foto: Marc Vorwerk / SULUPRESS.DE / Global Look Press

Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor emas, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili 21 avgust, chorshanba kuni Berlinda hukumat matbuot anjumani chog‘ida. Ukraina bilan «adolatli tinchlik» bo‘yicha muzokaralarni boshlash o‘rniga, Moskva Rossiya qurolli kuchlari hatto nazorat qilmaydigan Ukraina hududlari egallab olinganini tan olishni talab qilmoqda, deya ta’kidladi u. Germaniya TIV vakili Rossiya rahbariyati bu urushni istalgan vaqtda to‘xtata olishi va Kiyevga agressiv urushdan himoyalanish uchun tegishli qurollar kerakligini eslatdi.

Germaniya Ukrainaga harbiy yordam miqdorini cheklashni rejalashtirmoqda

Kiyevga harbiy yordamni davom ettirish haqidagi munozaralar Berlinning 2025 yildayoq uning hajmini kamaytirish rejalari fonida davom etmoqda. Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung (FAS) gazetasi 17 avgust kuni Germaniya hukumati Ukrainaga yaqin kelajakda qo‘shimcha moliyaviy yordam bermoqchi emasligini yozdi. FAS ichki hukumat hujjatlari va o‘z manbalaridan aniqlashicha, Kiyevga faqat ilgari ma’qullangan yordam ko‘rsatiladi, kansler Olaf Sholsning iltimosiga binoan Germaniya Mudofaa vazirligining boshqa so‘rovlari tasdiqlanmaydi. FAS ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqda Germaniya moliya vaziri Kristian Lindnerning 5 avgustda mudofaa vaziri Boris Pistoriusga yo‘llagan maktubida aytilgan.

Agar 2024 yilda Germaniya budjeti Ukrainaga yordam berish uchun 8 milliard yevroni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2025 yil uchun rejalashtirilgan limit atigi 4 milliardni tashkil etadi.

Keyinroq Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga harbiy yordam qisqarishi mumkinligi haqidagi iddaolarni rad etdi. Sat.1 telekanaliga bergan intervyusida Shols Berlinning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasida «mutlaqo beqarorlik yo‘qligini va bu boradagi muhokamalardan hayratda ekanligi»ni aytdi.

Bundan tashqari, G7 qaroriga ko‘ra, Ukraina 50 milliard yevro miqdorida kredit oladi, uning foizlari Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan qoplanadi. Bu mablag‘lar Kiyevga mudofaa uchun zarur bo‘lgan qurollarni sotib olish imkonini beradi, dedi Shols. Bu mexanizm xalqaro darajada hali kelishilmagan. Biroq, Germaniya kansleri taklif qilingan sxemada «mutlaqo noaniq narsa» yo‘q, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid