O‘zbekiston | 21:04 / 26.08.2024
3680
6 daqiqa o‘qiladi

26 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Mustaqillik bayrami arafasida mukofotlanganlar, boshlanayotgan yangi Umra mavsumi, bir haftada ishdan olingan sobiq hokim va O‘zbekistonda qoladigan harbiy uchoqlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Bayram munosabati bilan mukofotlanganlar

Prezident Mustaqillik bayrami munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi.

Mukofotlanganlar orasida vazirlar, viloyat va tuman hokimlari va hukumatning bir qator a’zolari ham bor.

Jumladan, Samarqand, Toshkent va Andijon viloyati hokimlari “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Farmonga ko‘ra ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Razzaqovich — I darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov — «Do‘stlik» ordeni bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Xonanda Sevara Nazarxon «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Tojikistonlik xonanda Nigina Amonqulovaga ham shu unvon berildi.

Umra mavsumi boshlanmoqda

2024 yil 10 sentabr kunidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan “Umra–2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanishi e’lon qilindi.

Bunda O‘zbekiston fuqarolari Uzbekistan Airways aviakompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslari bilan Saudiya Arabistoniga olib boriladi.

Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi. Mavsum davomida tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar fuqarolarga hamroh bo‘ladi.

Mazkur shaharlarda muborak qadamjolarga ziyorat tashkil etiladi. Mehmonxonalarda tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi.

Yangi lavozimga tayinlangan sobiq hokim yana bo‘shatildi

Andijon shahrining sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev 2024 yil 17 avgust kuni shahar obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlagandi. Ammo u ushbu lavozimda bir hafta ham ishlagani yo‘q: shahar hokimi G‘ofur Abdurahmonovning tegishli qarori bilan ishdan olingan.

Dilmurod Rahmatullayevning ishdan olinganini Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati ham Kun.uz’ga tasdiqladi.

“Ishdan bo‘shatilgani rost. Biroq bunga nima sabab bo‘lganidan xabarim yo‘q. Birozdan keyin ishdan bo‘shatilish sabablarini aniqlab aytaman”, dedi hokimlik matbuot xizmati vakili.

Dilmurod Rahmatullayev 2019 yil iyun oyida viloyat hokimi tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida qattiq tanqid va haqorat qilingandi. O‘sha yili avgustda o‘ziga nisbatan fitna uyushtirilayotganini aytib, “Buni qoralayman, la’natlayman” deb video e’lon qilgan va shundan so‘ng ishdan olingandi.

Hibsxona boshlig‘i 6,5 yilga qamaldi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i 5 ming AQSh dollari bilan ushlangan. Sud uni firibgarlik, pora olish va pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topgan.

Sud hukmiga ko‘ra, A.O. tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, hibsxonada saqlanayotgan MChJlardan birining mansabdori D.E. bilan yaqindan tanishgan. So‘ngra hibsxonaga turli narsalar olib kirish va tergovchining ruxsatisiz yaqin qarindoshlari bilan uchrashishga sharoit yaratib berishini aytib, bu “xizmati” uchun pora tariqasida mahbusning turmush o‘rtog‘idan 400 AQSh dollari olgan.

Shuningdek, hibsxona boshlig‘i o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hibsxonada saqlanayotgan D.E.ga advokatlardan yaqin tanishi borligini aytib, yuritilayotgan jinoyat ishida advokat Jizzax shahar sudida ishlovchi tanishlari orqali unga yengillik qilib berish masalasida gaplashayotganini, buning uchun 5 ming AQSh dollari berish kerakligini aytgan va Jizzax shahrida D.E.ning turmush o‘rtog‘idan bu pullarni olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.

Sud hukmi bilan A.O.ga 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U shuningdek IIV tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan 2 yil 6 oy muddatga mahrum etilgan.

Uchoqlar O‘zbekistonniki

Afg‘onistondan O‘zbekistonga o‘tgan harbiy aviatexnikalar

2021 yilda «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda afg‘onistonlik harbiylar tomonidan olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonda qoladi. Ikki mamlakat rasmiylari bu borada kelishuvga erishgan, dedi AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshlagan.

«Ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, lekin ularning egasi hamisha biz bo‘lganmiz», — dedi Henik.

Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda ularning soni 81 ta. Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari uchuvchilari samolyot va vertolyotlarning bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid