Jahon | 07:19 / 26.08.2024
17123
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram Durov hibsga olinganidan keyin birinchi rasmiy bayonotni e’lon qildi

Telegram jamoasi Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, rasmiy bayonotni e’lon qildi. Unda «platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik» ekani aytilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Telegram jamoasi ijtimoiy tarmoq asoschisi va bosh direktori Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, yakshanba kuni kechqurun rasmiy bayonotni e’lon qildi, unda «platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik» ekani aytilgan.

«Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qiladi – uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi. Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q va u tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi. Platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish bema’nilikdir», - deyiladi bayonotda. 

Ta’kidlanishicha, «dunyo bo‘ylab qariyb bir milliard foydalanuvchi Telegram’dan muloqot vositasi va muhim ma’lumotlar manbai sifatida foydalanadi». 

«Biz ushbu vaziyatning tezroq hal etilishini kutmoqdamiz. Telegram siz bilan», — deyiladi xabarda. 

Avval xabar qilinganidek, Telegram messenjeri asoschisi va bosh direktori Pavel Durov shanba kuni kechqurun Fransiyada hibsga olindi. 

Fransiya huquq-tartibot organlari Durovni «narkotiklar aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik»da ayblamoqda. Bunga sabab qilib messenjerda moderatsiya yo‘qligi va qonunni himoya qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikdan bosh tortgani ko‘rsatilmoqda. 

Mavzuga oid