Jahon | 13:18 / 27.08.2024
3818
10 daqiqa o‘qiladi

Muvaffaqiyatsiz tugagan Qohira muzokaralari, Rossiyaning Ukrainaga yopirilma zarbasi va 12 ta jinoyatda ayblanayotgan Durov - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Genotsidda ayblanayotgan Isroil armiyasi qamal qilingan G‘azodagi ikkita turar joyga hujum uyushtirdi. Ko‘plab falastinliklar halok bo‘lgani va yaralangani ma’lum qilinmoqda.

Guvohlarning ma’lum qilishicha, G‘azoning g‘arbiy qismidagi ash-Shuhada mavzesidagi turar joyga qarata o‘t ochilishi bir qancha falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Xon Yunus shahridagi Abasan al-Kabiyra shaharchasiga Isroil harbiy havo kuchlari Abu Rida oilasining uyiga bomba tashlagan. Bu yerda jabrlanganlar to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, Isroil hamaschilar o‘rnashib olgan, degan vaj bilan G‘azodagi «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasini evakuatsiya qilishni talab qilmoqda.

Dayr ul Balah shahridagi «Al Aqso shahidlari» kasalxonasi bemorlari va tibbiy personali evakuatsiya to‘g‘risidagi Isroil talablarini bajarishga majbur bo‘lib, u yerni tark etishmoqda.

Holbuki, bu tibbiyot muassasasi avval Isroil tomonidan «xavfsiz zona» deb e’lon qilingan 128-blok tarkibiga kiradi.

Urushning 325-kuniga kelib G‘azodagi qurbonlar soni 40 ming 435 kishiga yetgan, yaradorlar soni 93 ming 534 kishi.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil ikkita ommaviy qirg‘in o‘tkazgan va unda 33 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 66 kishi yaralangan.

Isroil kuchlari bosib olingan G‘arbiy sohilda yana bir kishini o‘ldirishdi. 46 yoshli Iyad Ayid Abdunnakir boshidan o‘q yeb olamdan o‘tgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra Isroil askarlari unga qarata ajratuvchi chiziq deb ataluvchi chegara yaqinida o‘q uzishgan. Shunday qilib, 7 oktyabrdan buyon G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda Isroil qurbonlari soni 646 nafarga yetgan.

G‘azo bo‘yicha muzokaralar

Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichi natija bermadi, biroq jarayon davom etadi. Bu haqda Times of Israel amerikalik rasmiyga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Qohiradagi muzokaralar «konstruktiv bo‘lib, yakuniy va amalga oshirish mumkin bo‘lgan kelishuvga erishish ruhida o‘tgan va barcha tomonlar shu nuqtayi nazarga qo‘shilgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, «jarayon yaqin kunlarda qolgan masalalar va tafsilotlarni ko‘rib chiqish uchun ishchi guruhlar doirasida davom etadi».

AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Kanadaning Halifaks shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vashington Qohirada Misr va Qatar vositachilari, shuningdek, isroilliklar bilan «hali qizg‘in» ishlayotganini aytdi.

HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Izzat ar-Rishq yakshanba kuni bayonot berib, «HAMAS delegatsiyasi Misr va Qatar vositachilari bilan uchrashgandan so‘ng Qohirani tark etdi», dedi. Ar-Rishq ta’kidlaganidek, «HAMAS Bayden rejasini amalga oshirishga tayyorligini tasdiqlaydi».

HAMASga ko‘ra, Isroil Filadelfiya va Netzarim yo‘laklaridan qo‘shinlarini olib chiqish majburiyatidan voz kechgan va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan keyin anklav shimoliga qaytgan falastinliklarni tekshirish kabi qo‘shimcha talablarni qo‘ygan.

Muzokaralar muvaffaqiyatsiz o‘tgani haqidagi xabarni olgan AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada ikkita aviatashuvchi zarba beruvchi guruhning qolish muddatini uzaytirishni buyurdi.

Rossiyaning Ukrainaga yopirilma zarbasi

26 kuni Rossiyaning dron va raketalardan iborat kombinatsiyalashgan yopirilma zarbasi oqibatida Ukrainaning 15 ta oblasti jabr ko‘rgan. Halok bo‘lganlar va yaradorlar bor, degan Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya dronlar, qanotli raketalar va gipertovushli ballistik raketa «Kinjal»dan ham foydalangan.

Bosh vazir hujumdan maqsad Ukraina energetik infratuzilmasi bo‘lganini aytgan.

«Afsuski, Ukrenergoning bir qator hududlari obektlari aniq nishonga olingan. Tizimni barqarorlashtirish uchun elektr energiyasining shoshilinch uzilishini qo‘llashga majburmiz», degan Shmigal.

Rossiyaning Ukraina shaharlariga 26 avgust ertalabki yopirilma kombinatsion zarbasi chog‘ida Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari 102 ta raketa va 99 ta dronni urib tushirishgan. Bu haqda Ukraina havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk xabar bergan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya 100 ta dron va shunga yaqin raketa bilan hujum qilganini aytgan edi.

Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Rossiyaning yopirilma zarbasiga albatta javob qaytarilishini ta’kidlagan.

«Bu tunda Rossiya yana shaharlarimizga zarba berdi. Tinch aholi jabr tortdi, uylar va kritik infratuzilmalar vayron qilindi», - deb yozgan vazir.

Umerovning so‘zlariga ko‘ra, bu yana dushmanning harbiy obektlariga zarba berish uchun uzoqni nishonga ola biluvchi imkoniyatlar zarurligi va bunday zarbalarga joriy etilgan cheklovlar bekor qilinishi kerakligini anglatadi.

«Ukraina o‘z javobini tayyorlamoqda. O‘zi ishlab chiqargan qurollar vositasida», - degan Umerov.

Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini Rossiyaga qarshi ishlatishga tayyorlanmoqda, degan Volodimir Zelenskiy.

«Bugun men kunni Sirskiy bilan alohida uzoq suhbatdan boshladim: biz bu raketa hujumi uchun Rossiyaga javob berishga tayyorlanyapmiz. F-16’dan foydalanish va Kursk viloyatidagi operatsiya uchun so‘nggi 24 soat ichida nazorat zonasini kengaytirdik va almashinuv fondini to‘ldirdik», - degan Zelenskiy.

Hibsdagi Pavel Durov

Ikki kun avval Fransiya poytaxti Parijda ushlangan Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov kiberjinoyatchilikka oid tergov doirasida hibsga olingan. Bu haqda Parij prokuraturasi 26 avgust, dushanba kuni kechqurun ma’lum qildi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u, xususan, uyushgan guruhlarning jinoiy faoliyatiga ko‘maklashish, ma’lumotlarni rasmiylarga topshirishdan bosh tortish hamda bolalar pornografiyasi, giyohvand moddalar savdosi, firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga sheriklikda gumon qilinmoqda.

Reuters ta’kidlaganidek, tergovni kiberjinoyatchilik bilan kurashish milliy bo‘linmasi va firibgarlikka qarshi kurash bo‘limi olib bormoqda. Durov Telegram platformasi orqali amalga oshirilgan moliyaviy va kiberjinoyatlarga nisbatan harakatsizlikda ayblanmoqda, dedi agentlikka Fransiya politsiyasi vakili.

Hozirda bu ish yuzasidan 12 ta jinoyat bo‘yicha tergov olib borilmoqda, Durovga nisbatan Fransiyada sud jarayoni 8 iyul kuni boshlangan. Parij prokuraturasi press-relizida aytilishicha, hibsga olish muddati 96 soatgacha, ya’ni 28 avgustgacha davom etishi mumkin.

Fransiya sud organlari 25 avgust, yakshanba kuni 39 yoshli Telegram asoschisi Pavel Durovni hibsda saqlash muddatini yana 48 soatga uzaytirdi.

Telegram jamoasi ijtimoiy tarmoq asoschisi va bosh direktori Pavel Durovning hibsga olinishiga birinchi marta izoh berib, yakshanba kuni kechqurun rasmiy bayonotni e’lon qildi, unda «platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik» ekani aytilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Pavel Durovning hibsga olinishi haqida bayonot berdi va bu siyosiy qaror emasligini, balki tergov bilan bog‘liqligini aytdi.

«Fransiya so‘z va muloqot erkinligi, innovatsiyalar va tadbirkorlikka har qachongidan ham sodiqdir. Bu yog‘iga ham shunday bo‘lib qoladi», deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Fransiyada Telegram rahbarining hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida sodir bo‘ldi. Bu hech qanday siyosiy qaror emas. Qarorni sudyalar qabul qiladi», deb qo‘shimcha qildi Makron.

Volgograd koloniyasidagi isyon

Avvalroq Rossiyaning Volgograd oblastidagi mahbuslar isyoni natijasida egallangan 19-sonli axloq koloniya xodimlarini garovga olishda o‘zbekistonliklar ishtirok etmagani ma’lum bo‘ldi.

«Ramzidin Toshev va Temur Xusinov Volgograd oblastidagi 19-son axloq tuzatish koloniyasida xodimlar va mahbuslarni garovga olishda ishtirok etmagan. Ular ro‘yxatga noto‘g‘ri kiritilgan. Garovga olishda ishtirok etganlarning shaxsi ular yo‘q qilinganidan keyin ma’lum bo‘ldi», — deb yozdi Rossiya kuchishlatar tizimlariga yaqinligi iddao qilinadigan Baza Telegram kanali.

Avvalroq, ushbu qonunbuzarlikda 4 nafar mahbus ishtirok etgani, ularning ikki nafari — Ramziddin Toshev va Temur Xusinov o‘zbekistonlik, qolgan ikki nafari — Rustamjon Navro‘ziy va Nazirjon Toshev tojikistonlik ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Baza xabariga ko‘ra, hujumda Navro‘zi Rustamjon va Nazirjon Toshevdan tashqari Shobdulkarimxon Karimov va Shohijaxon Sayfiyev ham qatnashgan. Ular ham Tojikiston fuqarosi ekani ta’kidlanmoqda.

19-sonli axloq tuzatish muassasasida to‘rt nafar mahbus 23 avgust kuni koloniya xodimlarini garovga olgandi. Mahbuslar xodimlardan to‘rt nafarini tig‘ bilan jarohatlagan, shundan uch nafari voqea joyida, to‘rtinchisi shifoxonada halok bo‘lgan. Keyinchalik Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmasi koloniyani shturm qilib, odamlarni garovga olgan to‘rt mahbusni ham yo‘q qildi.

Mavzuga oid