Yangiyo‘lda aholi bir oydirki tutun ichida yashamoqda. Mas’ullarga qilingan murojaat ish bermagan
Tumanning Iftixor mahallasi hududidagi chiqindi poligonida qariyb bir oy oldin yong‘in kelib chiqqan. Hududda yashovchi aholi shundan buyon atrofni qoplab olayotgan tutunni yutib yashamoqda. “Ayniqsa, qariyalar va bolalar nafas olishda qiynalib, aziyat chekyapti: achchiq tutun ularning sog‘ligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi Kun.uz’ga yo‘llangan murojaatda.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qariyb bir oydan beri chiqindi poligoni tutab yonmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga hududda yashovchi aholi murojaat bilan chiqdi.
Murojaatchilarga ko‘ra, chiqindi poligonidan chiqayotgan tutun atrofni qoplab olgan va buning oqibatida hududda yashovchi aholi aziyat chekmoqda. Ularning mas’ullarga qilgan murojaatlari esa natijasiz bo‘lgan.
“Chiqindixona bir oydan buyon yonmoqda, ammo hech kimning ishi yo‘q, birov kelib shug‘ullanmadi bu muammo bilan. Uning tutunidan qariyalar va bolalar nafas olishga qiynalishyapti, bu ularning sog‘ligiga jiddiy ta’sir qilmoqda. Tegishli joylarga murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Ulardan faqat “endi yonmaydi”, degan bir xil javobni eshityapmiz”, deyiladi murojaatda.
Ushbu chiqindixona birinchi bor yonayotgani yo‘q. Poligonda oldin ham yong‘in chiqqan va aholi undan aziyat chekkan. Biroq bu biror mutasaddining e’tiborini tortmagan.
Masalan, 2019 yilda mazkur chiqindixonani obodonlashtirish masalasi ko‘tarilganida Yangiyo‘l tumani hokimligi masalani “Toza hudud” DUK zimmasiga yuklab qo‘yaqolgandi.
“Bu chiqindi poligoni 37,5 gektar yer maydonidan iborat. Yangiyo‘l tumani va shahriga xizmat qiladi. U “Toza hudud” davlat unitar korxonasi balansida bo‘lganligi uchun ushbu masalaga aniqlik kiritish va yechimini topish uchun “Toza hudud” davlat unitar korxonasiga murojaat etish maqsadga muvofiq”, deyilgandi o‘shanda hokimlik axborotida.
Mas’ullar muammoni bu shaklda bir-biriga “uloqtirayotgan” bir paytda bir oydirki atmosferani ifloslantirayotgan tutun ekologiya xodimlarining ham e’tiborini tortmagani qiziq. Bir bosh echki kichik bir niholning bargini yeganida bundan darhol xabardor bo‘ladigan ekologlar katta bir hududda qariyb 40 gektarlik chiqindixona tutab yotganligini ko‘rmay qolishi ehtimoldan ancha yiroq.
Hudud aholisi mas’ullar tezroq masala e’tibor qaratishidan, tutayotgan tutun to‘xtatilishidan va toza havodan nafas olishlaridan umidvor.
Mavzuga oid
20:35 / 07.11.2024
2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 million so‘m zarar yetkazdi
16:12 / 05.11.2024
Yangiyo‘lda “dom” qurilishi ishlar sifatsiz bajarilgani uchun to‘xtatildi
22:34 / 03.10.2024
Yangiyo‘lda xonadondan qochib ketgan ilonlar tutildi – IIBB
15:11 / 03.10.2024