O‘zbekiston | 14:11 / 10.09.2024
6669
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Mixail Mishustin davlat rahbariga Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Rossiya prezidentining joriy yil 26-28 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu ma’noda, qo‘shma komissiyaning kecha o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishining samarali natijalari yuqori baholandi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga oid