Jahon | 18:00 / 13.09.2024
17093
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya bosh vaziri Putinga: «Urushni Rossiya boshlagan va darhol tugatishi mumkin»

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Moskva g‘arb raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llanishi jiddiy eskalatsiya sifatida qabul qilinishi to‘g‘risidagi so‘zlariga munosabat bildirib, Ukrainadagi urushni Rossiya boshlagani va hozirning o‘zida uni tugatishi mumkinligi haqida gapirdi.

Foto: Reuters

Starmer juma kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashish uchun Vashingtonga uchgan samolyotida jurnalistlar bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda Ukrainani Rossiya tajovuziga qarshi kurashda bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash masalalari, jumladan, g‘arb qurollari bilan Rossiya hududlariga zarbalar yo‘llashga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash masalasi muhokama qilinadi.

Rossiya prezidenti payshanba kuni agar bunday qaror qabul qilinsa, bu NATO mamlakatlarining urushdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokini anglatishi haqida gapirdi.

«To‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok mohiyatni, mojaro mohiyatini sezilarli darajada o‘zgartiradi. Budet NATO mamlakatlari, AQSh, Yevropa mamlakatlari Rossiya bilan urushayotganini bildiradi. Agar shunday bo‘lsa, unda […] biz tegishli qarorlarni qabul qilamiz», — degan Putin.

Uning so‘zlariga munosabat bildirish so‘ralgan savolga javoban britanlar bosh vaziri shunday dedi: «Bu mojaroni Rossiya boshlagan. Rossiya Ukrainaga noqonuniy bostirib kirgan. Bu mojaroni ham Rossiya darhol to‘xtatishi mumkin. Ukraina o‘zini mudofaa qilish huquqiga ega va biz o‘z imkoniyatlarimizni taqdim etish orqali Ukrainaning bu huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo biz Rossiya bilan ziddiyatga intilmayapmiz, bizning zarracha ham bunday niyatimiz yo‘q», — degan u.

BBC muxbiri qayd etishicha, Starmer Rossiyaning ichkari hududlariga uzoq masofali qurollar bilan zarba berishga o‘rnatilgan cheklovning bekor qilinishi istiqbollarini izohlashda vazminlik qilgan, ammo bu masala kun tartibida turganini inkor etmagan.

«Biz AQShning muhim ittifoqchilari sanalamiz va ayniqsa Ukraina hamda Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha juda va juda yaqindan hamkorlik qilamiz. Yaqin haftalar va oylar ichida chindan ham Ukrainada va Yaqin Sharqda juda muhim o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkin va shuning uchun qator taktik qarorlarni qabul qilish zarurati paydo bo‘lgan. Men  juda ham istardimki, bu taktik qarorlar strategik kontekstda qabul qilinsin», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Bosh vazir bu hafta AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya Forin-ofisi rahbari Devid Lemmi Kiyevga tashrif bilan borganini eslagan. Starmerning so‘zlariga ko‘ra, ular Vashingtondagi muhokamalarda ham ishtirok etadi.

Starmer juma kuni Vashingtonda Bayden bilan uchrashadi. Foto: Reuters

Times nashri yozishicha, juma kuni Oq uydagi uchrashuvda Starmer Jo Baydenni Ukraina Britaniya yetkazib bergan Storm Shadow raketalaridan Rossiyadagi nishonlar bo‘ylab zarba yo‘llashiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya va AQSh Ukrainaga britanlar va fransuzlar hamkorligida ishlab chiqarilgan Storm Shadow qanotli raketalari (fransuzcha varianti SCALP EG deb ataladi) bilan Rossiyaga zarba yo‘llashiga ruxsat bermoqchi, ammo eskalatsiya ehtimoli tufayli Bayden Amerikaning ATACMS raketalari bilan zarba yo‘llanishiga hozircha rozi emas.

New York Times ham manbalarga tayanib, AQSh prezidenti Ukraina g‘arb qurollari bilan Rossiyaning front ortidagi bazalariga zarbalar yo‘llashiga rozi ekani, ammo Amerika qurollari bundan mustasno bo‘lishi haqida yozgan.

Shu bilan birga, nashr suhbatdoshlari Bayden hali yakuniy qarorni qabul qilmaganini ta’kidlashgan.

Mavzuga oid