Jahon | 16:22 / 21.09.2024
5373
3 daqiqa o‘qiladi

Robert Kennediga qarshi tergov boshlandi, u 30 yil avval kitning boshini uzganlikda gumonlanmoqda

Bundan 12 yil avval kichik Kennedining qizi otasi 1994 yilda “motorli arra bilan o‘lik kitning boshini uzib olgani” va uni uyga olib ketgani haqida aytib bergandi. Endi siyosatchiga qarshi tergov boshlandi. AQShda qonun bilan himoyalangan hayvonlarga egalik qilish taqiqlanadi.

Foto: Getty Images

Amerika huquq-tartibot idoralari AQSh prezidentligiga sobiq nomzod kichik Robert Kennediga nisbatan tergov boshladi: siyosatchi 30 yil avval o‘lik kitning boshini arra bilan uzib olib, uyiga olib ketganlikda gumonlanmoqda, deb yozadi Associated Press AQSh dengiz baliqchiligi milliy xizmati bayonotiga tayanib.

2012 yilda siyosatchining qizi Ketlin Kennedi Town and Country jurnaliga bergan intervyusida, 1994 yilda otasi uni Atlantika okeanidagi Hayannis portiga olib borgani va u yerda qirg‘oqqa chiqib qolgan kitni ko‘rishgani haqida aytib bergan.

O‘sha paytda jonivor allaqachon nobud bo‘lgandi. Kichik Kennedi “motorli arrani olib, kitning boshini kesib oldi va uni oilaviy mini furgonning tomiga ortdi”, so‘ngra Nyu-York shtati, Maunt Kisko shahridagi uyiga tomon besh soat yo‘l bosdi, deydi qiz o‘z hikoyasida.

“Har safar katta yo‘lda tezlikni oshirganimizda, avtomobil oynasiga kit jasadining suvi sachrardi, bu dunyodagi eng jirkanch narsa edi. Hammamiz boshimizga faqat og‘iz qismi teshik polietilen paketlar kiyib olgandik, avtomagistraldagi odamlar bizga o‘rta barmoqlarini ko‘rsatishardi, lekin biz uchun bu odatiy hol edi”, — deb esladi Ketlin.

14 sentabr kuni Kichik Kennedi Arizona shtatida Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp tarafdorlari mitingida uni 30 yil oldingi kit voqeasi uchun javobgarlikka tortishmoqchi ekanligini aytdi.

U qonunni buzganini tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi, ammo bu tergov uning Trampni qo‘llab-quvvatlashiga aloqadorligini ta’kidladi. Kichik Kennedi, shuningdek, ushbu holat bo‘yicha ayb qo‘yish muddati allaqachon o‘tib ketganini aytdi.

AQShda qonun bilan himoyalangan hayvonlarning, xoh tirik bo‘lsin, xoh o‘lik, har qanday qismiga egalik qilish noqonuniy hisoblanadi.

Kichik Kennedi AQSh prezidentligiga mustaqil nomzod sifatida da’vogarlik qilayotgandi. Avgust oyining oxirida u o‘z saylovoldi kampaniyasini to‘xtatib, Trampni qo‘llab-quvvatladi. AQShda prezident saylovi 5 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid