“O‘g‘limni “Kamaz” bosib ketib, haydovchisi qochib ketgandi” – Paralimpiya chempioni haqida hikoya
Yorqinbek Odilov Parij-2024 paralimpiya o‘yinlarida yengil atletikaning nayza uloqtirish yo‘nalishida 50 metr 32 sm natijani qayd etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. “Oyog‘imni “Kamaz” bosib ketgan kun hamon yodimda. Bir oyoq bilan sog‘lom odamlar safiga qo‘shilish oson bo‘lmadi. Lekin hammasini uddaladim”, deydi chempion.
Kun.uz muxbiri Qo‘shtepa tumani Shomirza mahallasida yashovchi Yorqinbek Odilov oilasida bo‘lib, uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Baxtsiz hodisada bir oyoqdan ayrildim...
“7 yoshimda avtohalokat tufayli bir oyog‘imdan ayrildim. 9 yoshimda protez oyoq kiyganman. Bu ota-onam, oilam uchun qattiq tushkunlikka sabab bo‘luvchi hodisa bo‘lgan.
Ayni o‘ynab-kuladigan davrda bunday baxtsiz hodisaga uchrash og‘riqli edi. Vaqtlar o‘tib Olimpia zaxiralari kollejiga o‘qishga qabul qilindim. Bobom ancha yillardan beri pedagog sifatida faoliyat yuritganliklari uchun xarakterim va jismoniy, ruhiy holatimga qarab turli tavsiyalar bergan. Birinchi ustozim bobom.
Parij-2024 paralimpiya o‘yinlarida yengil atletikaning nayza uloqtirish yo‘nalishida 50 metr 32 sm natija bilan chempion bo‘ldim. Parij-2024 o‘yinlari men uchun alohida ahamiyatga ega maydon bo‘ldi, chunki shu davrgacha xalqaro musobaqalarda ishtirok etib raqiblarim ustidan g‘alaba qozona olmagan edim.
2023 yil para jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdim. O‘shanda 49 metr 39 santimetr uzunlik natijasi qayd etilgan edi.
Har bir sportchi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni orzu qiladi. Parij-2024 paralimpiya o‘yinlarida oltin medalli bo‘ldim.
Bungacha ham Tokio-2020 o‘yinlarida ishtirok etib, rekord natijani yangilaganman, mendan keyin yana 3 nafar jahonning ko‘zga ko‘ringan sportchilari o‘z rekordlarini yangiladi.
Oltin medalni qo‘lga kiritgan musobaqam mustaqillikning 33 yillik bayrami kuniga to‘g‘ri keldi. Murabbiyim Sardorbek Abduhalikov, Yahyobek Yoqubov musobaqadan oldingi kunlarda ruhiy jihatdan o‘yinlarga tayyorgarligimizga ko‘proq e’tibor berishadi. Murabbiy shunday insonlarki, o‘z shogirdlarining muvaffaqiyati uchun ham diyetolog, ham murabbiy, ba’zida maslahatchi ham bo‘lishadi.
O‘yinga tushishimdan oldin maydondagi tomoshabinlarning haybati ozroq cho‘chitdi, keyinroq barchasi o‘z joyiga tushdi.
Allohga shukur, shunday g‘alabaga qodir qildi va prezidentimiz, xalqimiz, oilam oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi.
Boshimizdan shuncha voqealar o‘tgan bo‘lsa ham, ota-onam mehr va e’tiborlarini ayamadi. Barchasi uchun ulardan minnatdorman. Kelgusidagi olimpiada, musobaqalarda bundan ham yaxshi natijalarni ko‘rsatishga harakat qilaman. Har safar olimpiada o‘yinlarida ishtirok etganimda yonimda xalqim turganini his qilaman va bu menga ilhomlantiruvchi kuch beradi”, deydi chempion.
Sovchilikka endi Tahoeʼda boramiz …
“Yorqinbek juda sho‘x va jismoniy jihatdan baquvvat edi. 7 yoshida avtohalokatga uchraganidan keyin musibatli kunlar boshlandi.
Mahallamizda to‘y bo‘layotgan edi. Shu kuni o‘g‘lim velosipedda harakatlanayotganda “Kamaz” oyog‘ini bosib ketdi. Vrachlar otasidan oyog‘ini kesib tashlash uchun ruxsat so‘rashdi. Bolamning taqdirini o‘ylab ko‘p siqildim. Ayni yugurib, kulib yuradigan vaqtida bunday holatga tushishi dahshatli edi. Oyoqlari qon bo‘lib ketsa ham bolam protez oyoqda yurishni xohlardi. Birinchi marta hassaga tayanib yurganida ancha tushkunlikka tushib qolgan edi.
O‘g‘limning olimpiadadagi ishtirokini bir joyda o‘tirib tomosha qila olmayman. Shu galgi o‘yinida ham hayajonlandim. Boshqa raqiblarining natijalarini ko‘rib, endi nima bo‘lar ekan, deb turgandim. Allohga shukur, shuncha mehnat va mashaqqatlari o‘z samarasini berdi. Oltin medal olgan kuning to‘yni boshlaymiz, degandim. Mana endi yangi mashinalarda sovchilikka boramiz inshaa Alloh”, deydi chempionning onasi Shukriyo Sharopova.
Nabiram barchasini uddaladi...
“Nabiramni murabbiy oldiga olib borganimda ozg‘ingina, nimjon bola edi. Murabbiysi imkoniyatlari, harakatini ko‘ramiz, sport ko‘nikmasini egallash bo‘yicha saboq beraman, lekin barchasi o‘ziga bog‘liq degan edi.
Allohga shukurki, shuncha mehnatlar o‘z natijasini berdi. Allohdan doim nabiram taqdiri shunday bo‘lishini yozgan o‘zingsan, uning muvaffaqiyatini ham o‘zing ber, deb so‘radim.
Irodali va shijoatli inson imkoniyati cheklanganiga qarab o‘tirmaydi. Olg‘a harakat qiladi, bunga mana mening nabiram misol. Har bir sportchi olimpiada o‘yinlarida g‘olib bo‘lishni maqsad qiladi. Nabiram bunga erishdi. Butun oilamiz, qishlog‘imiz bilan bundan faxrlanamiz”.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montaj ustasi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
18:33 / 19.09.2024
Dovduqdan Parijga yo‘l - paralimpiya bahslarining qo‘shaloq medal sohibasi Nurxon Qurbonova uyidan reportaj
03:12 / 10.09.2024
Uy, avtomobil, pul mablag‘lari: Paralimpiada-2024 sovrindorlari qanday kutib olindi?
14:36 / 07.09.2024
Paralimpiya-2024. Nurxon Qurbonova O‘zbekistonga 10-oltin medalni olib keldi!
22:47 / 06.03.2018