Jahon | 13:38
8912
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaning asr loyihasiga aylanishi kutilgan Vision 2030 dasturi qiyinchiliklarga duch keldi

Cho‘ldagi chang‘i trassalari, ko‘zgusimon osmono‘par binolardan iborat shahar... Ar-Riyodning loyihasi dastlab juda qimmat edi. Ammo hatto neftga boy mamlakat uchun ham bu xarajatlar ko‘plik qildi.

Foto: Neom

2015 yilda Ar-Riyod mamlakat iqtisodiyotini tubdan diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga qaratilgan Saudi Vision 2030 dasturini taqdim etgandi. O‘shanda ko‘plab kuzatuvchilar uning ko‘lami va shijoatidan hayratga tushgan — rejalar juda balandparvoz edi. Saudiya Arabistonining neftga qaramligini kamaytirish maqsadida boshlangan ulkan loyiha cho‘lda tog‘-chang‘i trassasi, faqat sport va ko‘ngilochar tadbirlar uchun mo‘ljallangan shahar, avtomobil va uglerod chiqindilaridan holi yangi Neom megapolisini qurishni nazarda tutgan.

Vision 2030 dasturiga Saudiya Arabistonining xalqaro maydondagi obro‘yini o‘zgartirish uchun qo‘l urilgan. Loyihaning ayrim qismlarida avtoritar qirollik oilasi tomonidan boshqariladigan diniy-konservativ mamlakatning zamonaviylashuvi belgilarini ko‘rish mumkin edi.

Ammo 2015 yildan buyon vaziyat jiddiy o‘zgardi, shu bois so‘nggi oylarda mamlakatning qator amaldorlari dastur ko‘lami qisqartirilishi haqida gapira boshladi. O‘tgan yilning dekabr oyida moliya vaziri Muhammad al-Jadoon ayrim loyihalarni amalga oshirish kechiktirilayotganini e’lon qildi. Keyinroq, aprel oyida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi konferensiyasida u Saudiya Arabistoni mavjud sharoitlarga moslashayotganini tushuntirdi.

Misol uchun, Neomning eng muhim loyihalaridan biri — “The Line” (“Chiziq”) deb nomlangan ko‘zgusifat ulkan inshoot, g‘oyat uzun osmono‘par bino — dastlab 170 kilometr uzunlikda qurilishi rejalashtirilgandi. Endi bo‘lsa, u atigi ikki kilometrdan sal uzunroq qilib quriladigan bo‘ldi.

Foto: Neom

Bu Neomdagi birinchi o‘zgarish emas. Masalan, qurilish muddatlari o‘zgartirildi: dastlab loyihani 2030 yilgacha yakunlash maqsad qilingan bo‘lsa, endi u yana 20 yilga cho‘zilishi ehtimoli bor. Dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq xarajatlar taxminan 500 milliard dollar bo‘lishi kerak edi, biroq kuzatuvchilar budjet 2 trillion dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Saudiya Arabistoni Vision 2030 uchun investorlarni qidirmoqda

Vision 2030 ning boshqa jihatlari ham vaqt o‘tishi bilan rejadagidek ketmayapti. Balandparvoz loyihaning ayrim qismlari Saudiya Arabistoniga xorijiy investorlarni jalb qilishi kerak edi. Ammo bu kutilganidan ancha murakkab bo‘lib chiqdi: to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi hozircha kutilganidan kam. Tahlilchilarning fikricha, investorlarning ikkilanishiga mintaqadagi siyosiy beqarorlik, jumladan G‘azodagi urush hamda Saudiya qonunchiligining shaffof emasligi sabab bo‘lmoqda.

Aslida, Ar-Riyod boshidanoq Vision 2030 loyihasiga kiritilayotgan sarmoyalarning asosiy qismini o‘z zimmasiga olishga tayyor edi. Biroq hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, aftidan, qirollik barcha xarajatlarni deyarli to‘liq o‘z hisobidan qoplashga majbur bo‘lmoqda. Mablag‘larning katta qismi dunyodagi eng yirik suveren fondlardan biri bo‘lgan Saudiya Arabistoni Suveren fondidan (PIF) olinadi. Fond Saudiya neftini sotishdan tushgan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Mart oyida qirollik hukumati Aramco davlat neft kompaniyasidagi aksiyalarining sakkiz foizini PIF’ga topshirdi. Endi fond qiymati ikki trillion dollar (dunyoda qiymati bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda) deb baholanayotgan davlat konserni aksiyalarining 16 foiziga egalik qilmoqda. Ammo tanqidchilarning ta’kidlashicha, PIF 940 milliard dollar qiymatidagi aktivlar portfelini boshqarsa-da, uning tasarrufida atigi 15 milliard dollar miqdorida likvid mablag‘lar mavjud.

Tahlilchilar Vision 2030 loyihasining zaifligini uning aynan neft narxiga kuchli qaramligi bilan bog‘lashadi. Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, saudiyaliklar ushbu dasturni amalga oshirishi uchun neft narxi bir barrelga taxminan 96 dollar darajasida bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, yanvar oyida bir barrel xom neft narxi taxminan 70 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yil o‘rtalariga kelib u atigi 81 dollarga ko‘tarildi.

Iyun oyida Bloomberg agentligi Saudiya Arabistoni o‘n yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta Xitoyni ortda qoldirib, rivojlanayotgan bozorlar orasida eng yirik obligatsiyalar emitentiga aylangani haqida xabar berdi. Davlat obligatsiyalari davlat xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida chiqariladi. Ular qarz olishning bir turi hisoblanib, bunda obligatsiya egalariga emitent davlat hukumati tomonidan foizlar to‘lanadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar taqchilligini qoplash uchun saudiyaliklar endi bunday qarzlarni har qachongidan ham ko‘proq olishmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Vision 2030 xavf ostidami?

“Bir qator omillarni hisobga olib, Saudiya Arabistoni hozirda ma’lum darajada o‘zi uchun mavjud bo‘lgan iqtisodiy siyosiy vositalaridan foydalanmoqda, degan xulosaga kelish mumkin”, — deydi Vashingtondagi Fors ko‘rfazi arab davlatlari instituti xodimi Robert Mogelnitskiy.

Ekspert Vision 2030 bilan bog‘liq vaziyatni u qadar halokatli deb hisoblamayapti: “Reallik qayerdadir o‘rtada”.

Davlat dasturining ayrim qismlari yaxshi ketyapti. Fevral oyida Amerikaning Citigroup moliyaviy instituti tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, masalan, ishlaydigan ayollar ulushi, mahalliy aholining uy xo‘jaligidagi ulushi va iqtisodiyotning neft bilan bog‘liq bo‘lmagan sektorlaridan keladigan daromadlari masalasida “sezilarli yutuqlarga” erishildi.

Iyun oyi o‘rtalarida XVJ tadqiqotchilari Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, mamlakatda “misli ko‘rilmagan” iqtisodiy o‘zgarishlar muvaffaqiyatli kechmoqda, degan xulosaga keldi. Shuningdek, ular Vision 2030 doirasida “xarajatlarda ustuvor qo‘yilayotgan yo‘nalishlarning o‘zgartirilishini” olqishladi.

Mogelnitskiyning so‘zlariga ko‘ra, saudiyaliklarning Vision 2030 dasturini amalga oshirish bo‘yicha pozitsiyasi hozir juda kuchli bo‘lmasa-da, ularning zaxirasi hali tugamagan:

“Loyiha Saudiya Arabistonining ijtimoiy-iqtisodiy trayektoriyasida jiddiy fundamental o‘zgarishlarga asos soldi. Ammo oldinda hali juda ko‘p ish turibdi”.

Mavzuga oid