9 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Toshkent tumanida kotlovan qulatgan uy, oliygohlarning bo‘sh yerlariga quriladigan bog‘chalar, odamlarga o‘zi uchun kredit olishni taqiqlash imkoniyati — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Toshkentda kotlovan qo‘shni uyni qulatdi
Toshkent tumanida «dom» qurish maqsadida qazilayotgan kotlovan sabab qo‘shni hovlining bir qismi qulab tushdi. Bundan uy ichida bo‘lgan egalarining sog‘ligi yomonlashib qolgan, qutqaruvchilar qo‘shni hovli orqali kirib, ularni olib chiqqan.
Hududda «Toshkent mega stroy» MChJ tomonidan ko‘p qavatli uy qurilayotgan bo‘lgan. Voqea 8 oktyabr kuni Toshkent tumanining Bahor mahallasida sodir bo‘lgan.
«Qutqaruvchilar qo‘shnimizning devorini buzib, uydan onam va otamni olib chiqishdi. Onamning sog‘ligi yomonlashib qolgan ekan, shifoxonaga olib ketishdi. Tibbiy yordam ko‘rsatilib, holatlari yaxshilangach, qaytarib olib keldik», degan jabrlanuvchining o‘g‘li.
Uning ma’lum qilishicha, qo‘shni uy egasi bungacha bir necha bor quruvchilarni kotlovanni uyga yaqin qazmaslik bo‘yicha ogohlantirgan. Ammo quruvchilar «hech narsa bo‘lmaydi», deya bilganini qilishgan.
Energetika vazirligidan murojaatlar uchun yana bir telefon raqami
Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qiladigan yana bir telefon raqami qo‘shdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda energetika vaziri qabulxonasidagi 71 231-14-41 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmagan fuqarolarning e’tirozi tarqaldi. 7-8 oktyabr kunlari vazirlik qabulxonasiga jami 1232 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Ularning 131 tasiga qabulxona xodimlari tomonidan javob berilgan. Xususan, 31 ta qo‘ng‘iroq quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotganini aytgan fuqarolardan kelib tushgan.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, 9 oktyabrdan boshlab murojaatlar uchun 71 231-16-61 raqami ham yoqilgani e’lon qilindi.
Oliygohlardagi bo‘sh yerlarda bog‘chalar quriladi
Davlatga qarashli institut va universitetlarga o‘zlariga tegishli bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida davlat bog‘chalari qurishga ruxsat berildi.
Bu prezidentning «Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilandi.
Farmonda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillarini qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha choralar belgilangan.
Farmon bilan 2024-2025 yillarda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yangi elektr tarmog‘i
22 kilometr uzunlikdagi 500 kilovoltlik yangi elektr uzatish liniyasi Tojikistonning «So‘g‘d» nimstansiyasi va O‘zbekistonning «Yangi Sirdaryo» nimstansiyasini bog‘laydi.
Osiyo taraqqiyot banki Tojikiston elektr tarmoqlarini qo‘shni O‘zbekiston bilan o‘zaro bog‘lanish orqali Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimiga qayta ulash loyihasi uchun 15 million dollar miqdorida qo‘shimcha grant mablag‘lari ajratilishini ma’qulladi.
Bunda Markaziy Osiyo energetika tizimi mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida elektr energiyasi eksporti va importi bo‘yicha quvvatlarni oshirish, shuningdek, tarmoq nosozliklarining oldini olish uchun infratuzilmani mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uzoq muddatda u Tojikistondagi Rog‘un gidroelektr stansiyasi elektr energiyasini uzatish sxemasining asosiy tarkibiy qismiga aylanadi.
Kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlash imkoni
Endi odam o‘ziga kredit ajratilishiga o‘zi taqiq qo‘ya olishi mumkin. Kredit-axborot tahliliy markazining ana shunday taqiqni qo‘yish imkonini yartuvchi Freeze xizmati fuqarolarni kiberjinoyatchilardan himoya qilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
So‘nggi paytlarlar o‘zgalarning bank va shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtiruvchi firibgarlik harakatlari ko‘paygan va bunday ayrim fuqarolar «kuyib» qolayotgan edi.
Xizmatdan foydalanish uchun Kredit-axborot tahliliy markazi portaliga kirish va avtorizatsiyadan o‘tish lozim. So‘ngra SMS-axborot funksiyasini yoqish talab etiladi. Shundan so‘ng, Freeze xizmatini ishga tushirish kerak bo‘ladi. Funksiyadan qanday foydalanish haqida videoqo‘llanma ham yaratilgan.
Qayd qilinishicha, xizmat 2025 yil 1 yanvariga qadar bepul ko‘rsatiladi. Xizmatdan foydalanishni fuqaro o‘zi istagan vaqtda bas qilishi mumkin, bunda onlayn kredit olish imkoniyati tiklanadi.
Mazkur xizmat yoqib qo‘yilsa, hech kim (hattoki banklar ham) fuqaroning kredit tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarini ololmaydi. Natijada, banklar fuqaroning kredit tarixini onlayn o‘rgana olmaydi va kredit ajratish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Mavzuga oid
21:09 / 01.11.2024
1 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:32 / 31.10.2024
31 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:05 / 30.10.2024
30 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:02 / 29.10.2024