Jahon | 13:16 / 09.10.2024
8035
11 daqiqa o‘qiladi

Isroildan Eronga tahdid, yon berishni o‘ylayotgan Kiyev va AQShga yopirilayotgan ajalvor to‘fon - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

HAMAS yetakchisi Xolid Mash’al Isroilga qarshi bir yillik urushda sezilarli yo‘qotishlarga qaramasdan HAMAS Qaqnus qush yanglig‘ kuldan qayta bosh ko‘tarishini ta’kidlab o‘tdi.

U Isroil bilan joriy mojaroni 1948 yildan buyon davom etayotgan tarixga bog‘ladi. Falastinliklar qariyb 76 yil muqaddam Isroil davlati tuzilishi uchun o‘z uylarini tashlab chiqishga majburlangan va bu xalq orasida «naqba» yoki «falokat» deb atab kelinadi.

Mash’alning qayd etishicha, tarix spiral misoli aylanadi: yo‘qotishlar Falastin ruhoniyati qayta tug‘ilishiga aylanadi. Uning ta’kidlashicha, o‘q-dorilar va qurol-yarog‘lar bo‘yicha yo‘qotishlarga qaramasdan, HAMAS safiga yoshlar qo‘shilishda va qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda davom etmoqda.

Mash’al toki yahudiylar davlati tepasida Binyamin Netanyahu turar ekan, tinchlikka erishish mumkinligiga shubha bilan qarashini, Isroil okkupatsiyasi davom etar ekan, mintaqa «sekin-asta harakatga keluvchi bomba»ni eslatayotganini ta’kidlagan.

HAMAS bu orada qamal qilingan G‘azo sektorida Isroil agressiyasi qurbonlari soni 41 ming 965 kishiga yetganini ma’lum qildi.

So‘nggi sutka ichida Isroil armiyasi 8 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan va 56 kishining o‘limiga va 278 kishining yarador bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.

O‘tgan yilning 7 oktyabridan buyon yaradorlar soni 97 ming 590 kishiga yetgan.

Isroilning Suriya va Eronga tahdidi

G‘azo va Livanning kulini ko‘kka sovurayotgan Isroil Suriyani ham tinch qo‘ymayapti. Kecha Isroil aviatsiyasi Suriya poytaxti Damashq shahrining g‘arbidagi aholi zich yashovchi Mezza mavzesidagi uyga aviazarbalar bergan. Ushbu uy Eron elchixonasidan 500 metr narida joylashgan.

Aviazarba natijasida kamida 7 kishi halok bo‘lgani, o‘ndan ziyod inson yaralangani xabar qilinmoqda.

Bundan tashqari, Isroil Livan poytaxti Bayrut va Falastinning G‘azo sektorini ham bombalagan.

Isroil rasmiylari Eronga tahdid qilishni ham kanda qilishmayapti.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Eronning yadroviy obektlariga zarba berilishini inobatdan soqit etmagan.

«Hozirgi vaqtda barcha variantlar stolimizda turibdi. Isroil Eronning misli ko‘rilmagan zarbalariga albatta javob qaytardi. Zarbalar biz qaror qilganimizdek, biz tanlagan joyda va vaqtda ro‘y beradi», — degan Gallant.

Isroilning yaqindagi va uzoqdagi nishonlarni yo‘q qila olish qobiliyatini pisanda qilib o‘tar ekan, Gallant Isroil «Eron tomonidan ko‘rsatilayotgan agressiyaga adekvat javob qaytara olishi»ni ta’kidlagan.

Eronga qarata o‘zining qat’iy ogohlantirishida Gallant G‘azo va Livandagi vayronalarga ishora qilgan: «Agar Eron Isroilga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, uni G‘azo va Bayrutda kuzatilayotgani singari jiddiy oqibatlar kutib turibdi», degan u.

AQShning Isroilga yordami

AQSh o‘tgan yilning 7 oktyabridan buyon Isroilni qurollantirish uchun rekord darajada — 17,9 milliard dollar sarflagani ma’lum bo‘ldi. Bu Braun universitetining Isroilning G‘azoda urush ochganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan tayyorlagan «Urush xarajatlari» hisobotida aks etgan.

2024 yil davomida yetkazilgan Amerika qurol-yarog‘larning katta qismini artilleriya snaryadlaridan tortib 2000 funtli bombalargacha bo‘lgan o‘q-dorilar tashkil etgan.

Qurol-yaroq yetkazib berilishining avvalroq e’lon qilingan statistikasiga ko‘ra, AQSh 2000 funt yoki 907 kiloli MK-84 bombalarining o‘zidan Isroilga 14 ming dona yetkazgan. Bu bombalar qamal qilingan G‘azoni vayron qilish uchun ishlatilgan.

Shunisi e’tiborliki, bu 17,9 mlrd dollar yordam to‘liq raqam emas. Chunki Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamdan farqli o‘laroq, AQSh Isroilga yetkazayotgan narsalarning to‘liq ro‘yxati ochiqlanmagan. Tadqiqotchilarga ko‘ra, Bayden ma’muriyati byurokratik manyovrlar bilan yordamning to‘liq hajmini yashirishga intilib kelmoqda.

Isroil ana’anaviy tarzda AQShdan eng yirik beminnat harbiy yordam oluvchi hisoblanadi. 1959 yildan buyon AQSh Isroil armiyasiga 251,2 mlrd yordam ko‘rsatgan. Isroil armiyasiga 2023 yilning 7 oktyabridan buyon xayriya qilingan pullar Isroilga bir yil davomida ko‘rsatilgan tarixdagi eng katta harbiy yordam hisoblanadi.

Kiyev yon berishga tayyormi?

Ukraina sharqidagi jangovar harakatlardagi muvaffaqiyatsizliklar hamda eletr energiyasi generatsiyasidagi quvvatlarning yo‘qotilishi fonida Kiyevdagi kayfiyat Rossiya bilan mojaroni tinchitish tomon o‘zgarmoqda, deb yozmoqda Financial Times nashri.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina hokimiyatida parda ortida Moskvaga okkupatsiya qilingan hududlarni topshirish, biroq hududlar ustidan Rossiyaning suverenitetini rasman tan olmaslik kabi kelishuv muhokama qilinmoqda. Bu holda Ukrainaning qolgan qismi NATO a’zosiga aylanadi va shunga yarasha xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi.

Gazetaning yozishicha, mazkur ssenariy ikkita farazga asoslanmoqda va bu ikki farazning har biri ancha bahsli. Birinchidan, hududiy mojarolariga qaramasdan, g‘arb Kiyevga shimoliy atlantika alyansiga kirishga yashil chiroq yoqadi. Ikkinchidan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni uning Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi kerakligi haqidagi talablariga qaramasdan, muzokaraga ko‘ndirish mumkin bo‘ladi. Alyansning kengayishi va unga Ukrainaning a’zo bo‘lish ehtimoli 2022 yilning fevralidagi urush sabablaridan biri bo‘lgan. Shu sababli Moskva bunga ko‘nishi ehtimoli past.

Nashrning ta’kidlab yozishicha, G‘arb muzokaralar oldidan Kiyevga o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga yordam berishi kerak, ayniqsa Ukrainani qo‘llamaydigan Donald Tramp prezident bo‘lib qolishini hisobga olib. Kreml faqat urushni davom ettirish qimmatga tushishini anglasagina muzokaralarga keltirish mumkin.

Iyun oyida Putin o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini e’lon qilgan edi: ukrain qo‘shinlari Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini hattoki Rossiya qo‘shinlari hali egallamagan hududlarini ham tark etishi kerak. Bundan tashqari Kiyev NATOga a’zo bo‘lish fikridan qaytishi, Ukraina neytral statusga ega bo‘lishi, mamlakat “denatsifikatsiya” qilinishi kerak. Zelenskiy bu shartlarni ultimatum deb atagandi.

FT'ning Kiyevdagi manbalari okkupatsiya qilingan hududlarni qaytarib olish uchun Ukrainaga shaxsiy tarkib va g‘arbning yordami yetmayotganini ta’kidlashgan. Ayni paytda Rossiya armiyasi Qrim bilan qo‘shib hisoblaganda Ukrainaning 20 foiz hududini ishg‘ol etgan. Ilgari Rossiyaning harbiy mag‘lubiyati zarur, deb hisoblagan g‘arb poytaxtlarining ayrimlari ham sekin-asta o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmoqda, deb yozmoqda nashr.

AQShda halokatli to‘fon

O‘n kuncha avval «Helen» to‘foni yetkazgan talafotlardan hali o‘ziga kelmagan Florida undan-da kuchlirog‘ini qarshi olishga hozirlanmoqda.

Shtatga yaqinlashgan «Milton» to‘foni Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha maksimal — beshinchi toifaga chiqdi, demoqda AQSh To‘fonlarni kuzatish milliy markazi. Bu AQSh tarixida so‘nggi 100 yilda kuzatilgan eng kuchli to‘fon bo‘lishi mumkin. Bor-yo‘g‘i 10 soat ichida to‘fon ichidagi bosim 50 millibarga tushgan.

Tabiiy ofat Florida ustiga payshanba kuni yopirilishi, uning episentrida shamolning tezligi soatiga 257 kilometrga yetishi kutilmoqda. Ayni paytda «Milton» sharq tomon soatiga 14,5 kilometr tezlikda harakatlanmoqda.

Florida aholisidan so‘nggi yillardagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi kutilayotgan evakuatsiyaga tayyorlanish so‘ralmoqda. Florida gubernatori Ron Desantis vaqt juda kam qolganidan ogohlantirgan.

«Biz maxluq bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishimiz lozim», — degan Desantis dushanba kungi matbuot anjumanida.

«Milton» to‘foni to‘g‘risidagi ogohlantirish Floridaga yopirilib, AQShning oltita shtatida 200 dan ortiq kishi o‘limiga sabab bo‘lgan «Helen» to‘fonidan 10 kun o‘tib berilmoqda. «Helen» AQShda so‘nggi 19 yillikdagi eng ajalvor tabiat hodisasi bo‘ldi — bundan oldin 2005 yilda «Katrina» to‘foni 225 kishini hayotdan olib ketgandi. «Helen» to‘fonidan keyin yana yuzlab kishilar bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda.

To‘fonlar kuchi shamol tezligiga qarab besh ballik shkalada baholanadi. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi toifadagilari — qurbonlar va jiddiy talafotga olib kelishi mumkin bo‘lgan vayronkor tabiiy ofatlar hisoblanadi.

Meteorologlar taxminiga ko‘ra, «Milton» to‘foni 8 oktyabr kunidan kuchsizlanishni boshlashi mumkin. Florida sohillariga yetib kelganida, 9 yoki 10 oktyabr kunlari uning toifasi uchinchi darajaga tushadi.

AQSh To‘fonlarni kuzatish milliy markazi (NHC) yaqin soatlarda Floridada tropik yomg‘irlar va suv toshqinlari ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Florida okruglari rasmiylari dushanba kuniyoq evakuatsiya haqida ko‘rsatma berishni boshlagandi. Bu kunlarda pulli yo‘llar uchun to‘lovlar bekor qilinadi. Shtat janubidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan navbatlar kuzatilmoqda, ayrim stansiyalarda yonilg‘i tugamoqda.

Seshanba kunidan ayrim okruglarda maktablar yopiladi.

Shuningdek, Orlando va Tampa shahridagi aeroportlar seshanba kunidan to‘fon tufayli faoliyatini to‘xtatishi haqida xabar bergan.

Mavzuga oid