Jahon | 14:05 / 14.10.2024
5241
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilga dronlar hujumi, BMTga shart qo‘ygan Netanyahu va Trampning xavotirlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azo sektoridagi agressiyasi davom etmoqda. Nusayrat va Jabaliya qochqinlar lagerlariga berilgan zarbalar natijasida kamida 14 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Eksklavning markaziy qismidagi Nusayrat lagerida joylashgan uy o‘qqa tutilishi oqibatida 7 kishi o‘ldirilgan. Jabaliyada ham isroillik harbiylar shuncha odamni o‘ldirishgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari 12 oktyabr tunidan buyon Jabaliya, Bayt Laxiya va Bayt Xanun tumanlarini yopirilma artilleriya zarbasiga duchor qilgan. Ko‘plab odamlar yaralangani ham xabar qilinmoqda.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon davom etayotgan agressiya natijasida G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklar soni 42 ming 175 nafarga yetgan. 98 ming 336 kishi yaralangan.

Livandagi vaziyat

Isroil armiyasi Livanning janubiga xalqaro konvensiyalar bilan taqiqlangan kassetali bombalar bilan hujum qilgan.

«Hizbulloh» tomonidan e’lon qilingan yozma bayonotga ko‘ra, Isroil Livan janubidagi Xonin va Tayri shaharchalariga ana shunday bombalar tashlagan.

«Isroilning Falastin va Livan xalqiga nisbatan jinoyatlari ro‘yxatiga yangi yovuzlik sahifasi qo‘shildi», — deyiladi «Hizbulloh» bayonotida.

Isroil armiyasi Livan janubidagi 2 ta masjidni ham vayron qilgani xabar qilinmoqda. Ular Sur va Nabatiya shaharchalarida joylashgan.

Anadolu agentligi muxbirining xabar berishicha, Sur shahrining Daxira mavzesida joylashgan masjid Isroil armiyasi tomonidan bombalanib vayron qilingan.

Isroil harbiylari Daxira mavzesiga yaqin Jardih harbiy zonasini qisman yorib o‘tishganidan so‘ng masjidda portlash ro‘y bergan.

Tarqatilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil shifoxonalar va tez yordam mashinalariga ham hujum qilmoqda. «Hizbulloh» bayonotiga ko‘ra, agar Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan siyosiy va harbiy qo‘llov bo‘lmaganida Isroilda hech qachon bunday yo‘l tutishga jur’at topilmagan bo‘lar edi.

Isroilga dronlar hujumi

Isroil shimolida joylashgan harbiy bazaga «Hizbulloh» dronlar hujumi uyushtirdi. Jabrlanganlar soni 70 nafarni tashkil etayotgani xabar qilinmoqda.

«Hizbulloh» Hayfa shahridan janubroqdagi Isroil harbiy bazasiga hujum uyushtirgan. Xabarlarga ko‘ra, isroillik harbiylardan to‘rt nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

United Hatzalah volontyorlik tashkilotining xabarlariga ko‘ra, jabrlanganlarning ahvoli o‘ta kritik darajadan o‘rtacha og‘irlikda belgilangan. Besh kishi vertolyotlar va tez yordam mashinalarida kasalxonalarga yetkazilgan.

Hujum uchun javobgarlikni Livanning «Hizbulloh» harakati o‘z zimmasiga olgan. Ular Isroilning «Golani» brigadasining mashq lagerini nishonga olganini ta’kidlashgan. «Hizbulloh» bayonotida shuningdek bu Livan janubi va poytaxt Bayrutga payshanba kuni uyushtirilgan Isroil hujumlariga javob ekani qayd etilgan.

«Hizbulloh» butun bir dronlar galasini uchirganini ta’kidlagan.

Isroil senzurasi aynan qayerda va nimalar hujumga duchor bo‘lganini ommaviy axborot vositalarida yoritishni taqiqlagan. Biroq Isroilning ayrim nashrlari past balandlikda uchib kelgan dronlar portlash uyushtirgani va ular u qadar sarosima chaqirmaganini qayd etishgan.

Isroildan tafsilotlar juda kam. Biroq lagerda o‘sha paytda ovqatlanayotgan harbiylar kutilmaganda zarbaga duchor bo‘lishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasvirlarda bo‘m-bo‘sh oshxona va uning tomida hosil bo‘lgan tuynukni ko‘rish mumkin.

BMTga bepisand Isroil

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga videomurojaat qildi. Netanyahu BMTning tinchlikparvar kuchlari zudlik bilan Livan janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etishi lozimligini ta’kidlagan.

«Biz o‘z kelajagimizning xavfsizligini ta’minlash masalasida har doimgidan ko‘ra qat’iyatga to‘lamiz, biz har doimgidan ko‘ra ko‘proq dushmanlarimizni yakson qilishni istayapmiz», – degan Netanyahu o‘z videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT tinchlikparvar kuchlarining pozitsiyalarni tark etishni rad etayotgani «Hizbulloh»ga tirik qalqon bo‘lib xizmat qilishga yo‘naltirilgan».

«Hoziroq, zudlik bilan kuchlar u yerni tark etishi kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Netanyahu.

Bu orada Isroil BMT harbiy bazasiga hujum qilgan. Isroilning ikkita Merkava tanklari tinchlikparvar kuchlarning Livan janubidagi pozitsiyasini yorib o‘tib, asosiy darvozani buzib kirgan va infratuzilmaga zarar yetkazgan. BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari — UNIFIL e’tiroz bildirganidan 45 daqiqa o‘tib, tanklar bazani tark etgan.

Keyinroq tinchlikparvar kuchlar bazadan 100 metr narida otishma bo‘lganini xabar qilishgan. Paydo bo‘lgan achqimtir tutun bazaga yopirilgan.

UNIFIL Isroilning xatti-harakatlarini xalqaro huquq va BMT Xavfsizlik kengashining 1701 rezolyutsiyasini oyoqosti qilish deb baholagan va Isroil armiyasidan tushuntirish talab qilgan.

Isroilning Eronga hujum rejasi

AQShdagilar Eronning hujumiga javob berish uchun Isroil potensial nishonlarni harbiy va energetika infratuzilmalari darajasigacha toraytirganini taxmin qilmoqda, deb xabar beradi NBC News.

Amerika rasmiy shaxslarining ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy nishonlar Eronning harbiy va energetika infratuzilmalari bo‘ladi.

Manbalar Eronning yadroviy obektlarga hujum qilish yoki suiqasdlar uyushtirish rejasi yo‘qligini ta’kidlashmoqda. Biroq ular javob berish va uning vaqti borasida yakuniy qarorga kelinmaganini ham qayd etishgan.

Mintaqada taranglik Eron tomonidan 1 oktyabr kuni Isroilga raketa zarbalari berilganidan so‘ng keskin osha boshlagan edi.

Tehron ushbu zarbalar Isroilning Livanga bostirib kirgani, Eronning ittifoqchilari, jumladan, HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning Tehronda, «Hizbulloh»ning ta’sirli yetakchisi Hasan Nasrullohning Bayrutda o‘ldirilishiga javob ekanini ta’kidlagan.

Amerika rasmiy shaxslari Isroil javobining aniq muddatidan bexabar, biroq isroillik harbiylar buyruqqa ko‘ra istalgan onda harakat qilishga tayyor ekanini qayd etishgan.

Eron tomonining bayonoti

Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bermaganini ta’kidlamoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi intervyu bergan.

«Nyu Yorkda Jozep Borrel va Enrike Moro bilan uchrashuvimiz chog‘ida Eronning Rossiya bilan hamkorligi yangilik emasligi, Ukraina krizisidan avvalroqqa borib taqaluvchi ildizlarga ega tarixdan iborat ekanini tushuntirdim», — degan Araqchi.

Araqchi Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Isroilni zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlab kelgani, Eronga qarshi operatsiyalarda katta xohish bilan ishtirok etganini ta’kidlagan.

«AQShning maksimal sanksiyalar siyosati hamon amal qilmoqda va Yevropa Ittifoqining korxonalari AQSh Moliya vazirligining ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilib kelishmoqda», — degan Araqchi.

Araqchi Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bermaganiga ham urg‘u bergan.

«Men avval aytgan gaplarimizni aniq-tiniq qilib yana bir bor takrorlayman: «Biz Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bermaganmiz».

Agar Isroil bosimi ostida chekinish uchun Yevropaga biror sabab kerak bo‘lsa, ular boshqa vaj topganlari yaxshiroq, degan Araqchi.

Trampning chiqishlari

Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Kaliforniyadagi mitingda sarosimaga soluvchi taxminlarni ilgari surdi.

Go‘yoki, agar u prezident bo‘lmasa Amerikaning hozirgi ma’muriyatining xatti-harakatlari tufayli yaqin oylarda uchinchi jahon urushi boshlanib ketar ekan.

«Men yaqin uch-to‘rt oy borasida juda xavotirlanyapman. Chunki biz hukumatimizdagi odamlar tufayli jahon urushi holatiga tushib qolishimiz mumkin», — degan Tramp.

Sobiq prezident yana Jo Bayden ma’muriyatining siyosatini tanqid ostiga olgan va agar o‘zi saylanadigan bo‘lsa Ukrainadagi mojaroni hal qilish va «Yaqin Sharqdagi boshboshdoqlikni bas qilish» va’dalarini takrorlab o‘tgan.

Tramp yana agar Oq uyga qaytadigan bo‘lsa Ukrainadagi urushni bir sutkada to‘xtatishi mumkinligini ta’kidlagan.

«Milton» yetkazgan zarar

AQShda vayronkor «Milton» to‘foni yetkazgan dastlabki ziyon hisoblab chiqildi.

AQSh prezidenti Jo Baydenning bayonotiga ko‘ra, «Milton» to‘foni yetkazgan ziyon dastlabki baholashlarga ko‘ra 50 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bayden to‘fon 3 milliondan ortiq odamni chiroqsiz qoldirgani, minglab energetiklar elektr ta’minotini tiklash ustida ish olib borayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Men jabr ko‘rgan hududdagilar o‘z uylariga qaytishi uchun barcha imkoniyatimizni ishga solishimizni bilishlarini istardim», — degan AQSh prezidenti.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, halokat zonasida armiya korpusi va Milliy gvardiya chiqindilardan tozalash va yo‘llarni harakatlanish uchun ochish ustida ish olib bormoqda. 

Mavzuga oid