O‘zbekiston | 10:00 / 15.10.2024
2330
2 daqiqa o‘qiladi

BAA Toshkent - Andijon pulli yo‘lini qurish loyihasida ishtirok etishi mumkin

MBS Global Investmens kompaniyasi infratuzilma sohasida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan Toshkent - Andijon pulli yo‘lini qurish loyihasida ishtirok etishga taklif etildi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklarining MBS Global Investmens kompaniyasi ijrochi direktori Ajmal Sharafuddin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

BAA vakili O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarni Julphar kompaniyasi bilan birgalikda yetkazib berishga qiziqish bildirildi. Ajmal Sharafuddinning aytishicha, birinchi bosqichda tibbiyotda kamyob bo‘lgan dori vositalari O‘zbekiston bozoriga kompaniyaning Hindistondagi ishlab chiqarish majmualaridan yetkazib beriladi. Ikkinchi bosqichda esa ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi.

BAA tomoni, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda kuzatib borayotganini, mamlakatimizda infratuzilma sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qiziqish mavjudligini ta’kidladi.

MBS Global Investmens kompaniyasi infratuzilma sohasida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan Toshkent - Andijon pulli yo‘lini qurish loyihasida ishtirok etishga taklif etildi.

Muzokaralar yakunida yuqorida muhokama qilingan loyihalar hamda O‘zbekistonda qabul qilingan xususiylashtirish dasturi bilan batafsil tanishish maqsadida joriy yilning noyabr oyida mazkur kompaniya vakillarining safarini amalga oshirishga kelishildi.

Mavzuga oid