O‘zbekiston | 15:28
11883
2 daqiqa o‘qiladi

Usmon Sharifxo‘jayev boshqa ishga o‘tdi

U 2020 yildan xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari, 2023 yilgi «adminreforma»dan keyin maktabgacha va maktab ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bugun, 18 oktyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Usmon Sharifxo‘jayevni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tgan. Vazirlik jamoasi uning kelgusi kasbiy faoliyatida katta muvafaqqiyatlar tilagan.

«Shu o‘rinda Usmon Sharifxo‘jayev ham o‘tgan vaqt davomida barcha hamkasblar bilan hamjihat mehnat qilganligini ta’kidlab o‘tdi hamda buning uchun vazirlik jamoasiga o‘z minnatdorligini bildirdi», deyiladi vazirlik xabarida.

Usmon Ulfatovich Sharifxo‘jayev 1986 yil 9 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2007 yilda Toshkent moliya instituti va 2011 yilda Xalqaro Vestministr universitetini tamomlagan.

2005–2009 yillarda Yoshlar teleradiokompaniyasida «Vodiy sadosi» efir boshlovchisi, muharrir bo‘lib ishlagan. Keyinroq Toshkent moliya institutida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, 2016 yildan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ish boshlagan, 2017 yilda prezident devoniga ishga o‘tgan, 2017–2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan, 2018–2020 yillarda prezident administratsiyasi yoshlar, fan, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘linmasi ta’lim shu’basi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2020 yil iyulida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi, 2023 yil yanvarida adminreforma doirasida ikki vazirlik birlashtirilgach, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosariga aylangandi.

Mavzuga oid