Jamiyat | 21:14 / 22.10.2024
12347
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz ogohlantirgan Whats platformasi moliyaviy piramida ekanligi tasdiqlandi: IIV jinoyat ishi qo‘zg‘agan

Odamlarni “video ko‘rish orqali pul ishlash”ga ishontirib, chuv tushirgan Whats platformasi tashkilotchilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgacha ushbu platforma bo‘yicha ichki ishlar organlariga 500 nafardan ziyod jabrlanuvchi murojaat qilgan. Kun.uz ikki oy oldin Whats moliyaviy piramida ekanligi haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

Fuqarolar ishonchiga kirib, pullarini qisqa muddatga ikki baravarga ko‘paytirib berishni va’da qilgan holda Whats nomi bilan moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Whats asoschilari platformada “qadamlarni” sotib olish uchun 120 dollardan 17 ming dollargacha pul tikishni, har bir taklif qilingan ishtirokchi uchun 12 foiz bonusga ega bo‘lishni, kunlik chet el filmlariga layk bosish orqali pul ishlashni taklif qilishgan. Platforma targ‘iboti ijtimoiy tarmoqlarda faol olib borilgan. Turli viloyatlardagi mahalliy blogerlar va vaynerlarning Whats’ga jalb qilish mazmunidagi videolari esa ushbu platformani yanada ommalashtirgan.

Olib borilgan tezkor texnik tadbirlar natijasida ushbu tarmoqli firibgarlik platformasini tashkil etgan hamda uni boshqa viloyatlarda ommalashtirish bilan shug‘ullangan holda ko‘plab fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangan.

Jumladan, Whats platformasi tashkilotchilari hamda uni moliyalashtirgan shaxslar borasida IIV tezkor qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi hamda joylardagi bo‘limlar xodimlari hamkorligida tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Jarayonda Buxoro shahrida joylashgan Markaziy savdo majmuasining 2-qavatida “Whats Bukhara” MChJni tashkil qilib, fuqarolarga ushbu platformaga a’zo bo‘lish jarayoni, unda pul ishlash imkoniyatlari va boshqa yo‘nalishlarni targ‘ib qilib kelgan 30 yoshli shaxs aniqlangan.

Qayd etilishicha, Whats platformasi Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham ko‘plab mahalliy blogerlar tomonidan targ‘ib qilib kelingan. Firibgarlar Whats a’zolari sonini ko‘paytirish maqsadida kelib tushayotgan pullardan tez-tez ziyofatlar tashkil qilib, muhtojlarga ko‘maklashilgan lavhalarni keng tarzda yoritib borishgan.

IIV xabariga ko‘ra, joriy yilning 22 avgust kunidan hozirgacha Whats platformasi bo‘yicha ichki ishlar organlariga jami 500 nafardan ziyod fuqarodan murojaat kelib tushgan. Ularning zarari miqdori 4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kun.uz ikki oy oldin surishtiruv e’lon qilib, Whats platformasi moliyaviy piramida ekanligi, minglab o‘zbekistonliklar ushbu firibgarlik tuzog‘iga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Bundan avval esa minglab odamlar Aif platformasiga ham aldangandi, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Whats va Aif “g‘oyib bo‘lgach” aynan shu uslubda ishlaydigan HNK platformasi ham borligi oydinlashdi. Ushbu moliyaviy piramidani televideniye, gazeta va mahalla yettiligi ham targ‘ib qilishga o‘tdi. Hatto targ‘ibotchilar maktab va bog‘chalarga ham kirib borishdi. Bunga yo‘l qo‘ygan maktab direktori va bog‘cha mudirasi esa ishdan olindi. Ammo hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar HNK platformasi yuzasidan munosabat bildirgani yo‘q.

Mavzuga oid