Jahon | 23:41 / 25.10.2024
4952
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiyaga ikkinchi guruh harbiylarini yuborishga tayyorlanmoqda - Bloomberg

Janubiy Koreya o‘zida mavjud razvedka ma’lumotlarining bir qismini NATOning 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida taqdim etish niyatida.

Foto: Bloomberg

KXDR tez orada yana bir guruh harbiylarni Rossiyaga yuboradi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga 10 mingga yaqin Shimoliy koreyalik askarlar kelishi kutilmoqda. Maxsus bo‘linmaning 1,5 ming jangchisidan iborat birinchi guruh allaqachon Uzoq Sharqda tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi xabariga ko‘ra, ular hozirda Kursk oblastiga yetib kelgan.

Janubiy Koreya o‘zida mavjud razvedka ma’lumotlarining bir qismini NATOning 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida taqdim etish niyatida. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, alyansning potensial javob qaytarish imkoniyati cheklangan, ammo Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirishi mumkin.

Shuningdek, razvedka hujjatlarida Shimoliy Koreya tomonidan yetkazib berilayotgan qurollar ko‘lamiga ham oydinlik kiritilgan. Qayd etilishicha, 2023 yil avgustdan beri KXDR Rossiyaga 122 millimetrli va 152 millimetrli snaryadlardan 8 millionga yaqin, qariyb 100 ta Hwasong-11 raketalari hamda tankka qarshi Bulsae-4 qurollarini jo‘natgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bu yevropalik amaldorlar tomonidan avvalroq qilingan hisob-kitoblardan sezilarli darajada ko‘p.

Oktyabr o‘rtalarida Janubiy Koreya razvedkasi KXDR hukumati Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z harbiylarini yuborishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, gap 12 ming harbiy xizmatchi haqida gap ketmoqda. Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSh KXDR harbiylari Rossiyada ekani to‘g‘risida dalillarni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.

Vladimir Putin Shimoli koreyalik askarlarning Rossiya tomonida turib jang qilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlamadi, ammo 24 oktyabr kuni BRIKS sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistning KXDR harbiylari kelganini isbotlovchi sun’iy yo‘ldosh suratlari borligi haqidagi savoliga javob qaytardi. «Suratlar — jiddiy narsa. Agar suratlar bo‘lsa, demak u nimanidir aks ettiradi», — deydi Putin.

Mavzuga oid