Jahon | 22:10 / 25.10.2024
8331
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya poytaxtida terakt uyushtirganlarning shaxsi aniqlandi

Ular Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolari bo‘lib chiqdi.

Turkiya huquq-tartibot idoralari Anqaradagi terakt ijrochilarini aniqladi. Ular Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolari bo‘lib chiqdi. Ushbu partiya Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

«Hujum qilgan va o‘ldirilgan terrorchining shaxsini aniqladik. Xoin Rojger laqabli KIP a’zosi Ali O‘rek bo‘lib chiqdi», deb yozdi Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoqda.

Ichki ishlar vazirligi teraktda ishtirok etgan ayolning ham shaxsini aniqladi.

«Xoin KIP a’zosi Mine Sevjin Alchichek bo‘lib chiqdi. Shunday qilib, ikkala hujumchi ham KIP a’zosi», deb yozdi vazir.

23 oktyabr kuni Anqaraning Qahramonqozon tumanidagi TUSAŞ aviatsiya zavodiga hujum uyushtirildi. Avvaliga bino yaqinida portlash sodir bo‘ldi, shundan so‘ng qurollangan jangarilar odamlarga qarata o‘q uzdi. Oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 22 kishi yaralandi. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ikki terrorchi yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashni davom ettirishga va’da berdi. Shu kuni mamlakat Mudofaa vazirligi Iroq va Suriyadagi Kurdiston ishchilar partiyasiga tegishli 32 ta nishon yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid