Jahon | 18:07 / 29.10.2024
6704
3 daqiqa o‘qiladi

Puerto Riko arxiyepiskopi Tramp uzr so‘rashini talab qildi

San-Xuana-de-Puerto-Riko arxiyepiskopi Roberto Gonsales Nevis respublikachi Donald Trampni partiyaning Nyu-Yorkdagi Medison-skver-gardenda o‘tkazilgan mitingida komik Toni Hinchkliff aytgan so‘zlar uchun shaxsan uzr so‘rashga chaqirdi. U o‘z chiqishida Puerto Rikoni «suzuvchi chiqindi oroli» deb atagandi.

Foto: Getty Images

Trampning shtabi Kill Tony taxallusi bilan tanilgan Hinchkliffning hazilidan masofa saqlashga urinmoqda va uning so‘zlari sobiq prezidentning qarashlarini aks ettirmasligini bildirmoqda, ammo Trampning o‘zi avj olayotgan mojaroga reaksiya qilmadi.

Komikning so‘zlari demokratlar tomonidan ham, respublikachilar tomonidan ham keskin qarshi olindi.

«Puerto Riko — suzuvchi chiqindi oroli emas, Puerto-Riko — ajoyib va olijanob odamlar yashovchi go‘zal o‘lka», — deya yozgan Roberto Gonsales Nevis ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktubida.

Arxiyepiskop o‘ziga yaxshi hazillar yoqishi, ammo yumorning ham chegarasi bo‘lishi va bu odamlarni xafa qilmasligi yoki hamiyatiga tegmasligi lozimligini ta’kidlagan.

«Men sizni, janob Tramp, hech qanaqasiga shaxsiy yoki siyosiy qarashlaringizni aks ettirmaydigan ushbu so‘zlarga raddiya berishga chaqiraman. Sizning kampaniyangiz uzr so‘rashi yetarli emas. Sizning o‘zingiz shaxsan uzr so‘rashingiz muhim», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Trampning dilemmasi
Piter Bouz, BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri

Donald Trampning yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan eng shov-shuvli mitingida komik tomonidan noto‘g‘ri tanlangan hazillar sobiq prezident uchun bezovtalik uyg‘otuvchi omilga aylandi.

Uning saylovoldi kampaniyasi dushanba kuni davomida Toni Hinchkliff Medison-skver-gardenda Puerto-Riko —«suzuvchi chiqindi oroli» ekani haqida aytgan so‘zlar nomzodning qarashlarini aks ettirmasligiga ishontirishga urindi, ammo allaqachon bu zarar keltirishni boshlagan.

Puerto-Riko arxiyepiskopi vaziyatga aralashib, to‘g‘ridan to‘g‘ri respublikachilar nomzodini uzr so‘rashga chaqirishi bu bahs hali tinmasligini kafolatlaydi.

Trampga ayniqsa boshqa odamning so‘zlari uchun uzr so‘rash xos emasligi inobatga olinsa, bu masala sobiq prezident uchun dilemma tug‘diradi, mojaro tufayli u AQShda yashovchi puertorikaliklar ovozidan ayrilishi mumkin.

Respublikachilar partiyasining Puerto Rika bo‘limi rahbari Anxel Garsiya allaqachon agar u uzr so‘ramasa, Tramp uchun ovoz bermasligini ma’lum qilgan.

Floridalik respublikachi kongressmen Mariya Elvira Salazar komikning so‘zlarini «irqchilik» deb atagan va buni eshitib ko‘ngli behuzur bo‘lganini aytgan.

Kelib chiqishiga ko‘ra puertorikalik bo‘lgan qator mashhurlar, jumladan, qo‘shiqchi Riki Martin ham tanqidiy fikrlar bildirib chiqdi.

Mavzuga oid