Fan-texnika | 20:57 / 29.10.2024
9111
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi

Yunxing samolyoti yo‘lovchilarni Pekindan Nyu-Yorkka atigi 2 soatda yetkaza olishi ta’kidlanmoqda.

Foto: Weibo/YunXing

Xitoyning Space Transportation kompaniyasi tovushdan tez uchuvchi Yunxing yo‘lovchi samolyoti prototipining muvaffaqiyatli sinov parvozini amalga oshirdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Qayd etilishicha, muvaffaqiyatli sinovlar to‘liq o‘lchamli samolyotning 2027 yilga mo‘ljallangan birinchi parvoziga yo‘l ochadi.

Xitoy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot soatiga 4900 km/s tezlikka erisha oladi - bu Yevropada ishlab chiqilgan afsonaviy Concorde samolyotidan taxminan ikki baravar tezdir. Shunday qilib, Yunxing yo‘lovchilarni Pekindan Nyu-Yorkka atigi 2 soatda yetkaza oladi.

Xabarda loyihaning istiqboli haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Tasvir tahlili shuni ko‘rsatadiki, Yunxing noma’lum turdagi ikkita dvigatelni oladi. Biroq, «to‘laqonli» samolyotning birinchi parvozidan oldin, dizayn bir necha marta o‘zgartirilishi mumkin.

Ilgari muntazam ravishda yo‘lovchilarni olib yuradigan yagona tovushdan tez uchadigan samolyotlar yuqorida aytib o‘tilgan Concorde (Fransiya - Buyuk Britaniya mahsuloti) va sovetlarning Tu-144 samolyoti edi. Ikkala mashina ham muhim kamchiliklar - xususan, haddan tashqari shovqin paydo bo‘lishi va foydalanish xarajatlarining yuqoriligi tufayli allaqachon amaliyotdan chiqarilgan.

Biroq, G‘arb hozir bunday kamchiliklarga ega bo‘lmaydigan yangi tovushdan tez yo‘lovchi samolyotlar loyihalarini ishlab chiqmoqda.

Avvalroq, Amerikaning Boom Technology kompaniyasi tovushdan tez uchuvchi Overture samolyoti ishlab chiqarishini e’lon qilgan edi. Hozircha kompaniya samolyotning kichik modelini sinovdan o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid