Fan-texnika | 12:21 / 31.10.2024
3945
5 daqiqa o‘qiladi

36,6 bu – mif. Odamda tana harorati aslida qanday bo‘lishi kerak?

Qaysi ko‘rsatkichlar tana harorati uchun me’yor hisoblanadi, qachon shifokorga murojaat qilish kerak? Bularning barchasi qanday omillarga bog‘liq ekani ma’lum qilindi.

Foto: Unsplash

Tana harorati 36,6 °C bo‘lishi kerak, degan gap mif. Har kimda shaxsiy me’yor shakllanadi, u o‘rtacha 35,9 dan 37,2 °C gacha o‘zgarib turadi.

Shifokorga qachon borish kerak?

Tana uchun qanday harorat normal hisoblanishi aniqlab olingandan so‘ng, qaysi holat xavotirga sabab bo‘lishini tushunish osonroq bo‘ladi.

Tana harorati 34,9 dan 35,2°C gacha bo‘lsa

Agar kishida qalqonsimon bez muammolari (gipotireoz) kuzatilsa, yaqinda antibiotiklar bilan davolangan bo‘lsa, radiatsiya ta’siriga uchragan yoki ichkilikbozlikdan keyin o‘zini yomon his qilayotgan bo‘lsa, harorat o‘lchagich ustuni shunday past ko‘rsatkichga tushishi mumkin. Har qanday holatda ham darhol kasalxonaga borish tavsiya etiladi.

Termometr ko‘rsatkichlari 34,9°C dan past bo‘lsa, bu tez yordam chaqirish uchun jiddiy sabab hisoblanadi.

Tana harorati 35,3 dan 35,8°C gacha bo‘lsa

Bunday raqamlar odamda surunkali charchoq sindromi yoki jiddiy tushkunlik rivojlanayotganidan darak beradi. Hissiy muammolardan tashqari, termometr ustunidagi ushbu ko‘rsatkichlar jigar yoki o‘t pufagi bilan bog‘liq muammolarga yoxud qandli diabetning dastlabki bosqichi boshlanganiga ishora qilishi mumkin.

Mutaxassisga murojaat qilish zarur. Bunda ovqatlanish tartibini qayta ko‘rib chiqish, ko‘proq uxlash va tez-tez sport bilan shug‘ullanishni maslahat berilishi mumkin. Lekin bu xavfli kasallikning dastlabki alomatlarini o‘tkazib yuborishdan afzalroq, chunki asoratlarning oldini olish uchun davolashni iloji boricha ertaroq boshlash kerak.

Tana harorati 35,9 dan 36,9°C gacha bo‘lsa

Siz sog‘lomsiz, termoregulyatsiyangiz ham yaxshi ishlayapti.

Tana harorati 37,0 dan 37,3°C gacha bo‘lsa

Chegaradagi holat. Bunday ko‘rsatkichlar zararsiz sauna, issiq vannaga tushish, sport zaliga borish yoki achchiq taom iste’mol qilishdan keyin kuzatilishi mumkin. Agar yuqorida sanab o‘tilgan narsalarning hech biri bilan shug‘ullanmagan bo‘lsangiz, bu qalqonsimon bez muammolarining (gipertireoz) dastlabki alomatlari yoki surunkali kasallik belgilari bo‘lishi mumkin. Ichki qon ketish, tish og‘rig‘i yoki zaharlanish holatlarida ham termometr ustuni xuddi shunday darajaga ko‘tariladi.

Shifoxonaga tashrifdan oldin isitma tushiruvchi vositalarni qo‘llamagan ma’qul, bu aniq tashxis qo‘yishga to‘sqinlik qiladi.

Tana harorati 37,4 dan 40,2°C gacha bo‘lsa

Sizga shifokorning shoshilinch yordami kerak. Mutaxassis ko‘rigidan oldin dorilarni qabul qilish yoki qilmaslik ixtiyoriy. Immunitet tizimining kasallik bilan kurashishiga “xalaqit bermaslik” uchun 38 °C dan pastroq bo‘lgan haroratga tegmaslik tavsiya etiladi. Agar sizda surunkali kasalliklar bo‘lmasa, sog‘lig‘ingizga zarar yetkazmasdan shifoxonaga tashrif buyurguncha chidashingiz mumkin. Ba’zi nevrologik va ruhiy kasalligi bor odamlar ehtiyot bo‘lishi lozim: ularda tutqanoq xurujlari boshlanishi mumkin.

Harorati 40,2 °C dan yuqori bo‘lgan odam shoshilinch yordamga muhtoj, chunki bu uning hayotiga bevosita tahdid soladi.

Haroratni qayerdan va nima bilan o‘lchash kerak?

Simobi eskirib qolgan termometrlar unchalik aniq emas va hatto xavfli bo‘lishi mumkin, shuning uchun elektron termometr sotib olgan yaxshi. Bolalikdan ma’lum bo‘lgan usul — uni qo‘ltiq ostiga qo‘yish. Bu qulay, ammo unchalik ishonchli emas.

Og‘izda ham haroratni o‘lchash mumkin, lekin har safar termometrni dezinfeksiya qilishga to‘g‘ri keladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida termometr qo‘ltiqqa nisbatan yarim daraja yuqori ko‘rsatishini yodda tuting. O‘lchashdan yarim soat oldin chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, issiq ovqat yeyish va ichish mumkin emas.

Haroratni to‘g‘ri ichakda o‘lchash eng aniq natija beradi. Olingan natijadan yarim daraja ayirib tashlanadi. Sport mashg‘ulotlari yoki issiq hammom termometr ko‘rsatkichlarini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Quloqda harorat o‘lchash eng maqbul usul, ammo bu jarayon uchun maxsus termometr talab etiladi.

Mavzuga oid