Jahon | 11:03 / 31.10.2024
18192
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina nega Rossiyaning spirt zavodlarini nishonga olmoqda?

Oktyabr oyi boshlaridan buyon Rossiyadagi spirt ishlab chiqariladigan zavodlarning bir nechtasiga Ukrainaning pilotsiz parvoz qurilmalari hujum qildi. Bu qanday maqsadda amalga oshirilmoqda?

Fotokollaj: VVS/Getty Images

27 oktyabr kuni kechqurun dronlar Voronej oblastining Novoxopyorsk shahridagi «Etanol spirt» spirt zavodiga hujum qildi. Bu hafta ichida ro‘y bergan ikkinchi shunday hujum bo‘ldi.

Voronej oblasti gubernatori Aleksandr Gusev pilotsiz qurilma «xo‘jalik binosi tomiga qulagani»ni ma’lum qildi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in kelib chiqmagan va hech kim talafot ko‘rmagan.

Xuddi shunday hujumga Voronej oblastining qo‘shni Annensk rayonidagi korxona ham duchor bo‘lgan. U yerda ehtimoliy nishon mahalliy spirtzavod yoki «Annenneftprodukt» neft bazasi bo‘lgan.

Bungacha Rossiyadagi spirt zavodlarga hujum 22 oktyabr kuni ry bergan. O‘shanda Tula, Tambov va Voronej oblastlaridagi korxonalarga talafot yetkazilgan.

Operatsiyada o‘nlab zarbdor dronlardan foydalanilgan.

Harbiy maqsadlar uchun spirt

O‘tgan yili rossiyaliklar rekord miqdorda alkogolli ichimliklar xarid qilishgan. 2023 yilda mamlakatning har bir fuqarosiga o‘rtacha 8 litr toza spirt to‘g‘ri kelgan — bu so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi rekord.

Biroq, Ukraina hukumati iddaosiga ko‘ra, ular spirt zavodlarini harbiy maqsadlarda yo‘q qilishmoqda. Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andriy Kovalenkoga ko‘ra, Ukrainaning pilotsiz parvoz qurilmalari chindan ham Rossiyadagi spirt zavodlarini nishonga olmoqda. Lekin u mazkur korxonalarini «harbiy obektlar» deb hisoblash mumkinligini qayd etgan.

«Rossiyada spirt zavodlari nafaqat spirt ishlab chiqaradi, shuningdek, harbiy maqsadlar uchun turli ko‘rinishdagi toza yoqilg‘i va portlovchi moddalar ham tayyorlaydi. Shuning uchun ularga hujum qilinmoqda. Bularning barchasi tashqaridan boshqacha ko‘rinsa ham, aslida harbiy obektlar», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, spirt zavodlarida raketalar va aviatsiya uchun yonilg‘i, portlovchi moddalar ishlab chiqariladi. Shuningdek, spirtdan aviatsiyada ham foydalaniladi: uni yonilg‘iga, tormoz tizimlariga, tozalash uchun ishlatiladigan suyuqliklar va muzlashning oldini oluvchi suyuqliklarga qo‘shishadi.

Chindan ham shundaymi?

Spirdan chindan ham portlovchi modda ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Aniqrog‘i, gidroliz yordamida u avvaliga etilenglikolga aylantiriladi, so‘ngra etilenglikoldinitrat (EGDN) yoki nitroglikol deb ataluvchi portlovchi birikmaga.

Ilk marta toza nitroglikolni 1870 yilda belgiyalik kimyogar Lui Genri 0 darajagacha sovitilgan azot va oltingugurt kislotalari aralashmasiga etilenglikol qo‘shish yo‘li bilan hosil qilgan. 1914 yilda undan Germaniyada dinamitning antifrizi sifatida foydalanilgan.

Voronej oblastidagi «Etanol Spirt» zavodida dron zarbasidan keyin chiqqan yong‘in. Foto: Astra

Ikkinchi jahon urushi davrida glitserin taqchilligi bois EGDN tutunsiz poroxlarda ishlatilgan. Keyinroq EGDN o‘ta zaharli bo‘lgani bois harbiy maqsadlarda ishlatilmay qo‘ygan. Lekin terrorchilar undan qo‘lbola bomba yasashda foydalanishda davom etishgan.

Spirt birikmalari fuqarolik hayotidan chetda ishlatilishiga polietilenglikolning qattiq raketa yonilg‘isi tarkibiy qismlaridan biri sifatida ishlatilishini keltirish mumkin. Spirt harbiy tibbiyotda keng qo‘llanishi ham hech kimga sir emas.

Dronlar hujum qilgan korxonalar agar ularning sayti va Rossiya OAVdagi ma’lumotlarga ishonilsa, chindan ham Rossiya Federatsiyasi mudofaa kompleksiga o‘z mahsulotlarini yetkazib beradi.

Masalan, Tambov oblastidagi «Bioxim» AJ o‘z veb-saytida 500 dan ortiq Rossiya korxonalariga mahsulot yetkazib berishini yozgan. Ularning orasida mudofaa va aerokomik komplekslar, atom sanoati va harbiy dengiz floti korxonalari bor.

Ekspertlar shubhasi

Biroq harbiy ekspertlar spirt zavodlariga qilinayotgan hujum samaradorligiga doir mutlaqo teskari fikrlarini bildirishmoqda.

Masalan, rossiyalik tahlilchi (chet el agenti deb topilgan) Ruslan Leviyev aviatsiyada spirt allaqachon deyarli ishlatilmayotganini yozadi.

«Bu muzlashga qarshi vositalarning barchasi glikol eritmalarida ishlaydi, u esa etilenglikoldan olinadi. Etilenglikol 70 yillardan buyon spirtdan tayyorlanmayapti, shunchaki to‘g‘ridan to‘g‘ri etilendan olinmoqda», — deydi u.

U shuningdek, etanolni benzin tarkibiga qo‘shish — Rossiyada kam tarqalgan tajriba ekanini ta’kidlab, aviatsiyaga mutlaqo aloqasi yo‘qligini qayd etadi.

Spirtdan porox ishlab chiqarish masalasi bo‘yicha Leviyev «juda kam miqdorda qo‘shilishi»ni aytib, bu holatda spirt ketmasligi, chunki jarayonda u bug‘lanmasligini qo‘shimcha qiladi.

«Siz Rossiyadagi spirt zavodlarining yarmini yakson qilishingiz mumkin — porox ishlab chiqarishda buning ta’siri aslo sezilmaydi», — deya o‘z so‘zlarini xulosalaydi tahlilchi.

Rasskazovo qishlog‘idagi (Tambov oblasti) «Bioxim» spirt zavodi. Ukrainlar droni bu yerga 22 oktyabr kuni hujum qilgan. Zavod saytiga ko‘ra, u RF mudofaa kompleksi ehtiyojlari uchun mahsulot yetkazib beradi

Bir vaqtning o‘zida rossiyalik yana bir harbiy tahlilchi Vasiliy Dandikin bu zarbalar Rossiya aviatsiyasiga zarar yetkazishi mumkinligini aytadi: «Spirt zavodlariga ular odamlarimiz kamroq ichishi uchun zarba berayotgani yo‘q. Fikrimcha, zarbalar harbiy maqsadlarda amalga oshirilmoqda».

«Gap shundaki, spirt nafaqat alkogol va oziq-ovqat sanoatida ishlatiladi, shuningdek ishlab chiqarish sanoati, tibbiyot va hattoki aviatsiyada ham undan foydalaniladi: spirt asosida samolyotlar uchun maxsus suyuqliklar tayyorlanadi, masalan, ularning qanotlarini muzlashdan asrash uchun», — degan u «Moskovskiy komsomolets» nashriga bergan intervyusida.

Ukrainalik aviatsiya eksperti Vitaliy Romanenko BBC ukrain xizmatiga bergan intervyusida shaxsiy tajribasi orqali spirt aviatsiyada qanday ishlatilishidan xabardor ekanini aytgan. Lekin bu o‘rinda gap faqat radioelektron vositalarni ishlab chiqarishda moylardan xalos qilish haqida boradi.

BBC’ning Ukraina harbiy rahbariyati bilan bog‘liq suhbatdoshi Rossiya spirt zavodlariga hujumlarning amaliy ma’nosi to‘g‘risidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermagan, biroq, bu obektlar havo hujumidan mudofaa tizimi va radioelektron kurash vositalari bilan yaxshi ta’minlanmaganini qayd etgan.

«So‘nggi oylarda Rossiyada havo hujumidan mudofaa tizimi sezilarli tarzda kuchaytirildi va bizning dronlarimiz bu mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishi tobora qiyinlashmoqda. Bu obektlar esa eng kuchsiz himoyaga ega», — degan u.

Mavzuga oid