Sport | 10:50
5695
7 daqiqa o‘qiladi

France Football bosh muharriri Vinisius nega «Oltin to‘p» yutmaganini tushuntirdi

27 oktyabr kuni La Ligada navbatdagi klasiko o‘tkazildi. Madridda o‘tgan bahsda Hans-Diter Flik boshchiligidagi «Barselona» «Real»ni haqli tarzda, yirik hisobda mag‘lub etdi. Bir necha kun avval sobiq jamoasi «Bavariya»dan «Barsa»ning alamli mag‘lubiyati uchun qasos olib bergan Flik qasoslar masalasidagi qarz daftarini ko‘tarasiga hisob-kitob qilishni istagan ko‘rinadi «Real»dan ham oxirgi yillardagi mag‘lubiyatlar uchun revansh oldi. Ammo Madrid klubi uchun bu hali hammasi emasdi.

Mbappe ofsaydda

Klasiko kuni «Barselona» har jabhada Madridga imkon bermadi. Ayniqsa Kubarsi ismli bolakay boshchilik mudofaachilar «Real»ning tillarda doston hujumchilarini mot qilishdi. Butun o‘yin davomida «Real» hujumchilari Vinisius, Mbappe va boshqalar naq 12 marta o‘yindan tashqari holatga tushib qolishdi. Deyarli barcha ofsaydlar «Barsa»chilar tomonidan sun’iy tarzda yuzaga keltirildi. Har safar Mbappega to‘p tashlanganda, himoyachilar sinxron tarzda oldinga o‘tishdi va fransuz ofsaydga tushib qolaverdi.

Futbolni tushunadiganlar bu katta risk ekanini bilishadi, chunki himoyachi bir sm xato qilsa bas – hujumchi darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ketishi mumkin. Bir nechta vaziyatda shunday bo‘ldi ham, ammo o‘sha vaziyatlarda darvozabon Penya duyellarda yutqazmadi. Tarmoqda «Real» futbolchilari ofsaydda qolib ketayotgani rosa muhokama qilindi. Turli xil memlar, karikaturalar chizildi.

Endi butun «Real» ofsaydda

Klasiko kuni Mbappe ofsaydda qolaverib, realchilarni jig‘ibiyron qilgan bo‘lsa, ikki kun o‘tib butun «Real» «o‘yindan tashqari holatda qolib ketdi». Klasikodan ikki kun o‘tib Parijda «Oltin to‘p» marosimi o‘tkazildi. Klasiko kuni Gavi bilan janjallashgan Vinisius unga 4 ta golni barmoqlari bilan iddao qilgan yosh raqibiga «zato dushanba kuni «Oltin to‘p» olishga borishini» aytib maqtangandi. Biroq mukofot topshiriladigan kun kutilmaganda «Oltin to‘p» topshiradigan France Football jurnalidan arazlagan «Real» vakillari Parijga bormasligi haqida xabar tarqaldi.

Bu xabar Fabrisio Romano tomonidan yozilgach, futbol muxlislari nimalar bo‘layotganini tushunishdi: Vinisus «Oltin to‘p»ni olmaydi! Shunday bo‘ldi ham. Oxirgi yillarda tayanch yarimhimoyachisi futbol uchun qanchalik muhim figura ekanini ko‘rsatgan «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodri «Oltin to‘p»ga munosib deb topildi.

Rodri bir mavsum avval Chempionlar Ligasi finalida hal qiluvchi golni urgandi, bu yil esa 4 yillikning eng muhim musobaqasi Yevropa chempionatida musobaqaning eng zo‘r futbolchisi bo‘ldi. Uning raqibi Vinisius Junior esa Chempionlar Ligasi va La Ligada juda zo‘r mavsumni o‘tkazganiga qaramay mukofotga loyiq ko‘rilmadi. Balki bunga Vinisius Braziliya bilan Kopa Amerikada hech narsa qilolmagani, umuman, milliy jamoa safida yorqin o‘yin ko‘rsatmayotgani sabab bo‘lgandir.

Ovozlar bo‘linib ketgan

Tabiiyki, «Real» muxlislari Vini mukofotni yutmaganidan g‘azablanishdi, buni siyosatga bog‘lashdi. Biroq France Football bosh muharriri holatni juda aniq qilib tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish jarayonida «Real»ning uch futbolchisi Kroos, Karvaxal va Vinisius kuchli beshlikdan o‘rin olgan. Oqibatda «Real» futbolchisi bu mukofotga loyiq deb o‘ylagan jurnalistlarning ovozlari mana shu uch futbolchi orasida taqsimlanib ketgan. Shu bois Rodrida imkoniyat oshib ketgan.

Rodri mukofotni qo‘lga kiritish orqali bir nechta rekordlarni yangiladi. Masalan, oxirgi 64 yil ichida ilk marta ispaniyalik futbolchi «Oltin to‘p» yutdi. Oxirgi marta Luis Suares degan futbolchi «Oltin to‘p» yutgan. Undan keyin futbolda boshqa Luis Suares tug‘ilib, Yevropada oltin butsa olib, hozir pensiyaga chiqish arafasida turibdi.

Dunyoning eng zo‘r ligasi APLda ham 2008 yildan buyon hech kim «Oltin to‘p» yutmagandi. Krishtianu Ronaldudan 16 yil o‘tib Rodri bu ishni uddaladi. Va nihoyat, «Manchester Siti» futbolchilari orasida Rodri birinchi bo‘lib Yevropaning eng zo‘r sovrinini yutdi.

Marosimdan keyin qiziq holat yuz berdi. Bilasiz, Rodri ijtimoiy tarmoqlarda yo‘q. Bundan bexabar realchilar Instagram’ga kirib Rodrini qidirishdi. Ularning oldidan esa bechora argentinalik Rodrigo De Paul chiqib qoldi. «Atletiko» futbolchisining akkaunti haqorat va oltin to‘pni o‘g‘irlagani haqida izohlarga to‘ldi. Qaysidir ma’noda bu ashaddiy muxlislar ham ofsaydga tushib qoldi deyish mumkin.

Ana shunaqa gaplar. Avval bu mukofotni Messi olsa, Ronaldu munosib edi, deyishardi, Ronaldu olsa, Messi muxlislari ranjirdi. Bu ikki daho kurashdan chiqib ham o‘ziga xos intriga davom etyapti. Ko‘pchilik bu mukofotning qadri qolmadi deyishyapti. Lekin bunday emas, qadri bo‘lmaganda Vinisius va realchilar bu qadar jahl otiga minmasdi. Qaytanga «Oltin to‘p»ni yutishda endi intriga yanada oshdi. Axir bundan buyog‘iga France Football beradigan mukofot uchun faqat yerliklar kurashadi…

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid