Jahon | 13:18 / 04.11.2024
4387
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda qamalda qolgan 100 ming inson, ittifoqchilaridan xafa Eron va Sanduning saylovdagi g‘alabasi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning qirg‘inbarot bosqini va qamali oqibatida G‘azodagi vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. G‘azo shimolida 100 mingdan ziyod falastinliklar ovqat, suv va dori-darmonga yetisha olmayapti.

G‘azodagi fuqaro mudofaasi boshqarmasi tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, G‘azoning shimoli qariyb bir oydan buyon qat’iy qamal sharoitida qolmoqda va bot-bot Isroil hujumlariga duchor bo‘lmoqda. Odamlar ochlik va tashnalikdan qiynalmoqda.

Boshqarmaning matbuot kotibi Mahmud Basalning yozma bayonotida ma’lum qilinishicha, Isroil G‘azoning shimoliga tinmasdan hujum qilishda davom etmoqda. Jumladan, Isroil armiyasi tinch aholi vakillari yashab turgan manzilgohlarga muntazam o‘t ochmoqda. Shu sababli bu hududda hayot izdan chiqqan va 100 mingdan ziyod tinch aholi och-nahor kun kechirmoqda.

G‘azodagi adolatsiz urush qurbonlari soni esa 43 ming 341 nafarga yetdi.

Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil okkupatsion armiyasi G‘azoning turli qismlarida ommaviy qirg‘inga sabab bo‘lgan to‘rtta yirik hujum uyushtirgan va unda 27 kishi halok bo‘lib, 86 kishi yaralangan.

Isroilning yo‘qotishlari

2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda olib borilayotgan qirg‘inbarot urushda Isroil armiyasining yo‘qotishlari 781 kishiga yetgani ma’lum qilinmoqda. Bu Isroil armiyasi matbuot xizmatining oshkor etishga ruxsat berilgan, senzuradan o‘tgan raqamlari.

Aslida, halok bo‘lgan va yaralangan askarlar soni bundan ko‘proq ekani iddao qilinadi.

Kuni kecha yana bir Isroil harbiysi Falastin eksklavining qamalga olingan shimoliy qismida granata portlashi tufayli halok bo‘lgan. Isroil tomoni sodir bo‘lgan voqeani surishtirayotganini ma’lum qildi.

G‘azo sektorida yer ustidan olib borilgan operatsiya davomida Isroil qo‘shinlari 369 askaridan ayrilgani aytiladi. Lekin Isroil tomoni o‘lganlar va yaradorlar borasida asl raqamlarni yashirib kelayotgani mudom tanqid ostiga olib kelinadi.

Ittifoqchilaridan xafa Eron

Isroilning Eronga qilgan yopirilma raketa hujumiga Xitoy va Rossiyaning reaksiyasi Eron matbuotida qattiq tanqid ostiga olindi. Ko‘pchilik uni yetarli emas va kechikkan deb topgan.

Masalan, «Ham Mihon» gazetasi Tehronning Moskva Pekin bilan strategik munosabatlari so‘nggi yillarda faol rivojlanib borayotganini hisobga olib, Xitoy va Rossiya Eronga qilingan hujumni qattiq qoralashini hamma kutgani, biroq bunday bo‘lib chiqmaganini yozgan.

«Eronning uchta viloyatidagi obektlarga Isroil zarba berganidan uch kun o‘tibgina Xitoy tashqi ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi. Ulardan bir necha soat o‘tib Rossiya tashqi ishlar vazirligi ham Isroil hujumlariga izoh berishni lozim deb topgan. Alaloqibat Pekin ham, Moskva ham Isroilning qilmishlarini qoralamagan», – deb yozadi nashr.

Gazeta bu ikki davlatning bunday beparvo pozitsiyasini tanqid ostiga olgan va ularni Eron bilan munosabatlari chigal bo‘lgan Yevropa davlatlariga taqqoslagan.

Eron matbuoti qo‘shni Ozarboyjon ham Isroil zarbalari yuzasidan munosabat bildirmaganiga ham urg‘u bergan.

Googleʼdan Rossiya harbiylariga yordam

Google Maps xaritalari yangilanganidan keyin Ukrainadagi harbiy obektlarning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari oshkor bo‘lib qoldi. Rossiya nashrlari allaqachon bu suratlarni «faol tarqata boshlagan».

Dam olish kunlari ishda bo‘lmagan Google xodimlari vaziyatni to‘g‘rilash ustida ishlamoqda.

«Vaziyatni tasavvur qiling. Google xaritalarni yangilab, harbiy tizimlarimizning joylashuvini ko‘rsatadigan rasmlarni joylashtirdi. Buni tezda tuzatish uchun ular bilan bog‘landik, ammo ularda dam olish kunlari, bunga vaqt yo‘q, deyishdi», — degan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andriy Kovalenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya nashrlari allaqachon bu suratlarni «faol tarqata boshlagan». Xususan, Z-kanallar Google Maps ilovasidan Ukraina harbiy inshootlari xaritalari skrinshotlarini chop etgan.

Kovalenko so‘zlariga ko‘ra, Google vakillari yangilangan sun’iy yo‘ldosh suratlariga jamoatchilikning munosabatidan so‘ng, Ukraina rasmiylari bilan bog‘langan.

«Ular harbiy tizimlarimizning joylashuvi tasvirlari bilan bog‘liq vaziyatni to‘g‘rilash ustida ishlayotganini aytishmoqda», deb qo‘shimcha qildi u.

Moldovadagi prezidentlik saylovlari

Moldovada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida amaldagi davlat rahbari Mayya Sandu 54,9 foiz ovoz olib, rossiyaparast partiya vakili Aleksandr Stoyanog‘luni mag‘lub etdi.

Moldovaning amaldagi prezidenti Mayya Sandu 3 noyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida raqibi, mamlakatning sobiq bosh prokurori Aleksandr Stoyanog‘lu ustidan g‘alaba qozondi. Bu ovozlarning 98 foizdan ortig‘ini sanab chiqqan Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Sandu 54,94 foiz ovoz olgan, muxolifatdagi rossiyaparast Sotsialistlar partiyasi vakili Stoyanog‘lu esa 45,06 foiz ovoz olgan.

Dastlabki sanoqlar chog‘ida gagauziyalik Stoyanog‘lu yetakchilik qilgan, biroq Sandu partiyasi chet elda yashovchi moldovan diasporasining ovozlari hisoblab chiqilgandan keyin tendensiya o‘zgarishi mumkinligi haqida «biroz optimizm» bildirgan.

«Moldova, bugun sizlar g‘alaba qozondingiz, biz birgalikda birligimiz, demokratiyamiz va munosib kelajakka sodiqligimizni namoyish qildik», deb yozdi Sandu X ijtimoiy tarmog‘ida.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida deyarli 1,7 million kishi, ya’ni saylovchilarning 54 foizdan ortig‘i ovoz berdi.

Sandu 42 foiz ovoz bilan birinchi turda ham g‘alaba qozongan edi, ammo u to‘g‘ridan to‘g‘ri g‘alaba qozonish uchun mutlaq ko‘pchilik ovozlarni ololmagandi.

Qizig‘i, ikki hafta avval o‘tkazilgan Yevrointegratsiya bo‘yicha referendumda ham so‘nggi daqiqalarda Yevropa Ittifoqi tarafdorlari xorijdagi diaspora ovozlari hisobiga g‘alabani ilib ketishgan edi.

Rossiyada tug‘ilishni rag‘batlantirish

Rossiyada tug‘ilish darajasini lotereyalar yordamida oshirish taklif etildi. Chunki mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti rekord darajada past — 1,4 miqdorga tushib qolgan.

Rossiya Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Boris Chernishov mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘rtasida Butunrossiya lotereyasini o‘tkazishni taklif qildi. Uning tashabbusiga ko‘ra, lotereya doirasida xonadonlar, avtomobillar va maishiy texnikalarning oylik o‘yinlari o‘tkazilishi mumkin.

«Gap Rossiyada tug‘ilishni rag‘batlantirish maqsadida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun butun Rossiya lotereyasini o‘tkazishda. Masalan, Rossiyaning yangi tug‘ilgan fuqarolari o‘rtasida har oyda 10 ta xonadon, 100 ta avtomobil va 1000 ta uy jihozlari to‘plamini lotereya sifatida o‘tkazish», degan Chernishov.

Vitse-spiker so‘zlariga ko‘ra, lotereyada ishtirok etish FHDYo ma’lumotlari asosida avtomatlashtirilishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, shunga o‘xshash loyihalar allaqachon mahalliy darajada — Leningrad oblasti va Xabarovskda amalga oshirilgan.

Avvalroq, Rossiyada tug‘ilish koeffitsiyenti rekord darajada past — 1,4 miqdorga tushib qolgani haqida xabar berilgan edi. Mamlakat aholisi o‘smasdan bir xil darajada saqlanib turishi uchun ushbu koeffitsiyent 2,2 bo‘lishi lozim.

Rossiyaning yo‘qolgan oroli

Iqlim isishi tufayli Rossiya Arktikadagi orollarining biridan ayrildi. Frans-Iosif Yeri arxipelagi yaqinidagi Mesyatsev oroli butunlay erib ketdi. Endi uni xaritalardan o‘chirishga to‘g‘ri keladi.

2015 yilda uning maydoni 53 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil avgustiga kelib 3 gektargacha kamaygan, hozir esa butunlay erib ketdi.

Mesyatsev oroli Yeva-Liv oroli muzligidagi muz erishi natijasida 1995 yilgacha paydo bo‘lgan edi. Uning yo‘qolishi endi navigatsiya xaritalarini tuzatishni talab qiladi. Mesyatsev orolini kuzatayotgan ilmiy guruh bu hodisa iqlimning isishi tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Kelajakda Mesyatsev orolining yo‘qolganini yakuniy tasdiqlash va dengiz tubining topografiyasida mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish talab etiladi.

Mavzuga oid