Fan-texnika | 17:14
1159
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya dunyoda birinchi bo‘lib yog‘och sun’iy yo‘ldoshni koinotga uchirdi

Sun’iy yo‘ldosh “qayta tiklanadigan materialning kosmik imkoniyatlarini” namoyish etishi kerak. U orbitada 6 oy qoladi.

Foto: Irene Wang/Reuters

Yaponiyalik olimlar dunyodagi birinchi yog‘och sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqdi hamda Amerikaning SpaceX kompaniyasi missiyasi doirasida uni koinotga uchirdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Kioto universiteti va Sumitomo Forestry qurilish kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan LignoSat yog‘och sun’iy yo‘ldoshi Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazib beriladi va Yerdan taxminan 400 kilometr balandlikda orbitaga chiqariladi.

LignoSat Yaponiyada o‘sadigan magnoliya turlaridan birining yog‘ochidan tayyorlangan — undan an’anaviy tarzda qilich qinlari yasashda foydalaniladi. Kaftdek keladigan sun’iy yo‘ldosh Oy va Marsni o‘rganishda “qayta tiklanadigan materialning kosmik imkoniyatlarini” namoyish etishga mo‘ljallangan.

“O‘zimiz ishlab chiqaradigan yog‘och materiallar yordamida koinotda uy qurish, yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — deb ta’kidladi Kioto universiteti astronavti va tadqiqotchisi Takao Doi. Uning jamoasi kelgusi 50 yil ichida Oy va Marsda daraxt o‘tqazish hamda yog‘och uylar qurishni rejalashtirmoqda.

Koinotda yog‘och Yerdagiga qaraganda uzoqroq saqlanadi, chunki u yerda suv va kislorod yo‘q. Olimlarning ta’kidlashicha, LignoSat xizmat muddati tugagandan keyin ham atrof-muhitni kamroq ifloslantiradi: an’anaviy metall sun’iy yo‘ldoshlar atmosferaga qaytganda alyuminiy oksidi zarralarini hosil qiladi.

Apparat 10 santimetr o‘lchamli, 4-5,5 millimetr qalinlikdagi devorlardan tashkil topgan kub shaklida bo‘lib, uning og‘irligi bir kilogrammni tashkil etadi.

LignoSat orbitada olti oy qoladi, undagi elektron tarkibiy qismlar esa yog‘ochning koinotdagi og‘ir sharoitlarga chidamliligini o‘lchab boradi.

Mavzuga oid