Jahon | 21:44 / 12.11.2024
1639
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyaning qator hududlari kuchli yog‘ingarchilik xavfidan ogohlantirildi

Valensiyada hamon oktyabr oyida kuchli yog‘ingarchilik sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Foto: AP

Valensiya, Kataloniya va Balear orollarining ayrim hududlarida ob-havoning keskin yomonlashuvi tufayli yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi.

Prognozlarga ko‘ra, ushbu hududlarda kuchli yog‘irgachilik, baland to‘lqinlar va shiddatli shamol kuzatilishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Valensiyada hamon oktyabr oyida kuchli yog‘ingarchilik sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish va qayta tiklash ishlari davom etmoqda. Ushbu tabiiy ofat 220 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan. Ispaniyaning ko‘plab aholisi mahalliy hukumatni toshqinlardan jabr ko‘rgan hududlarga samarali yordam ko‘rsata olmaganlikda ayblamoqda.

Shahar hukumati tabiiy ofat yuz bergan kuni soat 20:00 da, suv Valensiyaning janubiy hududlariga kirib bo‘lganidan keyin aholini ogohlantirishni boshlagan. Ispaniya hukumati shaharni qayta tiklash uchun o‘tgan hafta va’da qilingan 10,6 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda 3,76 milliard yevro ajratilishini tasdiqlagan.

Kompensatsiya aholiga, ko‘chmas mulk obektlariga taqsimlanadi, fermerlar esa umumiy hisobda 200 million yevro yordam pulini oladi. Mablag‘larning 500 million yevrodan ortig‘i Valensiyani loy va chiqindilardan tozalashga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabrga o‘tar kechasi Valensiyaning bir necha hududlarida bir necha soat ichida bir kvadrat metrga 300 litrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Kichik Chiva qishlog‘ida bu ko‘rsatkich 1 kvadrat metrga 491 litr yomg‘irni tashkil etdi. Bu mintaqadagi yillik yog‘ingarchilikka to‘g‘ri keladi. Suv va loyning kuchli oqimlari ko‘priklarni buzdi va odamlarni, mashinalarni va hatto butun uylarni olib ketdi.

Mavzuga oid