O‘zbekiston | 20:29 / 15.11.2024
937
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ayrat Fozilov Yevropa kengashi prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov 2023 yil dekabrda O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi etib tayinlangan edi. Joriy yil fevral oyida u qirol Filippga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi rahbari, elchi G‘ayrat Fozilov Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirdi.

Qayd etilishicha, marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston—Yevropa munosabatlari kun tartibidagi bo‘lajak tadbirlarga doir masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

«Yevropa kengashi prezidenti O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi, umuman, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlikning bugungi holatiga ijobiy baho berdi. U Shavkat Mirziyoyevning pragmatik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati Markaziy Osiyoda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelgani, mintaqani barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida birlashtirganini alohida ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Sharl Mishel, shuningdek, so‘nggi yillarda birgalikdagi ishlar natijasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilganini qayd etgan. YeI Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga katta ahamiyat qaratishi tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov 2023 yil 5 dekabr kuni Belgiya va Yevropa Ittifoqi poytaxtiga tashrif buyurgan edi. U 2015-2017 va 2021–2023 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2024 yil 7 fevral kuni Fozilov Belgiya qiroli Filippga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

G‘ayrat Fozilov 2017-2023 yillarda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgdagi elchi, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi (qarorgohi Bryussel shahrida) vakolatxonalari rahbari lavozimlarida ishlagan Dilyor Hakimov o‘rniga tayinlangandi.

Mavzuga oid