Jahon | 11:56
1914
2 daqiqa o‘qiladi

RFning Kriviy Rigdagi uyga zarbasi: 10 dan ortiq kishi jarohat oldi

Rossiya raketasi Kriviy Rigdagi turar joy binosiga kelib tushdi. Bir kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi yaralandi, dedi oblast ma’muriyati rahbari.

Foto: Telegram / dnipropetrovskaODA

Rossiya Qurolli kuchlarining Dnipropetrovsk oblasti Kriviy Rig shahridagi turar joy binosiga bergan raketa zarbasi natijasida bir kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi, jumladan, 16 yoshli qiz yaralandi, deya xabar berdi 24 dekabr, seshanba kuni oblast harbiy ma’muriyati (OHM) boshlig‘i Sergey Lisak Telegram-kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar uy vayronalari ostidan bir kishini olib chiqishgan, shifokorlar uni reanimatsiya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishgan, biroq ularning barcha urinishlari besamar ketgan. Lisakning so‘zlariga ko‘ra, yaradorlardan uch nafarining ahvoli og‘ir. Jabrlanuvchilar orasida 69 va 72 yoshli ayollar, shuningdek, 78 yoshli erkak bor. «Vayronalar ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi Dnipropetrovsk OHM boshlig‘i.

Nikopol rayoniga hujum

Uning aniqlik kiritishicha, Rossiya Qurolli kuchlari Dnipropetrovsk oblastining Nikopol rayoniga artilleriya va uchuvchisiz uchoqlar bilan 35 marta hujum qilgan.

31 yoshli erkak jarohat olgan va ambulator sharoitida davolanyapti. Korxonalardan biri, sanatoriy, yonilg‘i quyish shoxobchasi, to‘rtta xususiy uy, uchta xo‘jalik binosi shikastlangan, elektr uzatish liniyalari uzilgan, deya qo‘shimcha qildi Sergey Lisak.

Mavzuga oid