Yil so‘ngidagi aviahalokatlar, Rossiyaga shart qo‘ygan Ilhom Aliyev va Gurjistonning yangi prezidenti inauguratsiyasi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Yil so‘ngidagi aviahalokatlar
2024 yilning oxirgi kunlari fojiali aviahalokatlar va hodisalar bilan tarixda qoladigan bo‘ldi.
25 dekabr kuni Ozarboyjon havo yo‘llari aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahriga avariyaviy qo‘nishni amalga oshira turib halokatga uchradi. Bortda 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokat natijasida 32 kishi omon qolgan, ularning 12 nafari og‘ir ahvolda.
Darvoqe, O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasining doimiy reys bilan Grozniy shahriga yo‘l olgan samolyoti Oqtov shahri uzra parvoz qila turib, halokatga uchragan Ozarboyjon havo yo‘llari aviakompaniyasi samolyoti qurbonlari xotirasiga ikki bor osmonda hurmat bajo aylab aylandi. Bu jyest internetda juda iliq qarshi olindi.
29 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot Tailanddan Bangkok—Muan yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan vaqtda halokatga uchradi. Bortida jami 181 kishi bo‘lib, 175 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosidan 179 nafari halok bo‘lgan.
Samolyot Muan aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, to‘siqqa urilgan va kuchli yong‘in kelib chiqqan.
Qutqaruvchilar avval samolyotning dum qismidan 29 nafar jabrlanuvchini olib chiqqan bo‘lib, ularning aksariyati og‘ir jarohatlangani sababli tezda jon bergan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bortdagi yo‘lovchilarning ikki nafari omon qolgan.
Janubiy Koreyada aviahalokat tufayli bir haftalik motam e’lon qilindi.
Kanadada ham Air Canada Express aviakopaniyasining Dash–8 samolyoti muvaffaqiyatsiz qo‘nishni amalga oshirdi. Halifaks shahrida yo‘lovchi samolyoti muvaffaqiyatsiz qo‘nish natijasida halokatli holatga uchradi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida sirpanib ketib, uning chap qanotida yong‘in kelib chiqqan. Samolyot sahnida 73 kishi bo‘lgan. Hech kim halok bo‘lmagan, ammo bir necha kishi yengil jarohat olgan.
Norvegiya poytaxti Oslo aeroportida ham Boeing–737-800 samolyoti bilan bog‘liq aviainsident sodir bo‘ldi. KLM aviakompaniyasining Oslodan Amsterdamga uchayotgan samolyoti Oslodagi boshqa Sanneford xalqaro aeroportiga majburiy qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan. Uchoq sahnida bo‘lgan 176 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosiga ziyon yetmagan.
Shuningdek, kechagi kun davomida sodir bo‘lgan to‘rtinchi aviainsidentda Birlashgan Arab Amirliklarining Ras-ul-Xayma shahrida Jazirah Aviation Clubʼga yengil motorli, ikki kishilik samolyot dengizga qulagan. Har ikkala uchuvchi halok bo‘lgan.
Ilhom Aliyev Rossiyaga uch shart qo‘ydi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev garchi Vladimir Putin uzr so‘raganiga qaramasdan, Rossiya tomonidan Oqtovda halokatga uchragan samolyot o‘qqa tutilgani haqidagi ma’lumotlarni yashirishga urinishlarini keskin tanqid qildi.
U samolyotga Grozniy yaqinida Rossiya havo mudofaa tizimlari tomonidan tasodifan raketa zarbasi berilganini ta’kidladi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari halokatga gaz ballonining portlashi kabi taxminlar orqali izoh berishga urinishgan. U bu harakatni voqeani yopib qo‘yish va jamoatchilikdan yashirishga urinishi sifatida baholadi.
«Bu juda achinarli. Samolyotimizga tasodifan zarba berilgan bo‘lishi mumkin, biroq Rossiya tomoni o‘z vaqtida aybini tan olib, do‘st davlatdan uzr so‘rashi kerak edi. Ammo dastlabki uch kun mobaynida bema’ni nazariyalardan boshqa hech qanday to‘g‘ri ma’lumot olmadik», — dedi Aliyev.
Prezident, shuningdek, uchoq Grozniyga bir necha bor uringaniga qaramasdan, unga qo‘nishga ruxsat berilmaganini tanqid qilib, nega samolyot MinVodi yoki Maxachqal’a aeroportiga emas, aynan Oqtovga yo‘naltirilganini o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
Aliyev Rossiyadan quyidagi choralarni ko‘rishni talab qildi:
1. Aybga rasman iqror bo‘lish va Ozarboyjondan uzr so‘rash.
2. Hodisada aybdor bo‘lgan shaxslarni jazolash.
3. Ozarboyjon davlatiga va jabrlanganlarning oilalariga tovon puli to‘lash.
Bu talablar Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarning barqarorligini ta’minlash uchun muhim ekanini qo‘shimcha qildi.
Rossiyaning ekstremizmga qarshi yangi strategiyasi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan ekstremizmga qarshi kurash strategiyasiga ko‘ra, xorijga chiqqan rossiyaliklar ro‘yxatga olinadi. Bu tizim ekstremizmga qarshi kurashda muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
Yangi hujjatda xorijga chiqqan shaxslarning ro‘yxatiga quyidagilar kiritilishi aytilgan:
- «Ekstremistik tashkilotlar»da ishtirok etganlar.
- «Nodo‘stona davlatlar»ning o‘quv markazlarida ta’lim olganlar.
Shuningdek, strategiyada yangi tushuncha — «rusofobiya» joriy etilmoqda. U rus tili, madaniyati va Rossiya tarixiga nisbatan dushmanona munosabat sifatida ta’riflangan. Hujjatga ko‘ra, rusofobiya siyosiy kuchlar, ayrim shaxslar va nodo‘stona davlatlarning diskriminatsion harakatlari orqali namoyon bo‘ladi.
Strategiya Rossiyaning xavfsizligini ta’minlash uchun ekstremizmga qarshi kurashning asosiy qadamlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Rossiyaning Finlandiya va Norvegiyaga hujum rejasi
Rossiya NATOga sharqdan hujum qilish ehtimolida Finlandiya Laplandiyasi va Norvegiya Finnmarkida bufer hudud yaratishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi ILtalehti nashri. Rossiya armiyasi bu ssenariyni mashqlar davomida amalda qo‘llab ko‘rgan.
Rejaga ko‘ra, 14-armiya korpusi Murmansk tomonidan Norvegiya sohillariga hamla qiladi, bu dengiz, quruqlik va havo yo‘nalishlarida amalga oshiriladi. Finlandiya Laplandiyasiga desant tashlab, Ivalo aeroportini tezkorlik bilan egallash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Kol yarimorolida joylashgan raketa qo‘shinlari Finlandiyaga hujum qiladi. Bu hujumda «o‘n minglab» rossiyalik askarlar ishtirok etishi taxmin qilinmoqda.
Bufer hudud yaratish janglarni NATO hududiga ko‘chirishga va alyans kuchlarini chalg‘itishga imkon beradi. Manbalar, shuningdek, Rossiyaning 44-armiya korpusi Finlandiya janubiy sohillari va janubiy-sharqiga hujum qilib, Fin qo‘ltig‘ining shimoliy sohilini egallashi mumkinligini aytmoqda. Bu, o‘z navbatida, Estoniya himoyasini qiyinlashtiradi. NATO fikricha, Rossiya XVII asr Turku shartnomasiga muvofiq hududlarni qaytarishga intilayotgan bo‘lishi mumkin.
Vladimir Putin 19 dekabrda o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiyaning «tarixiy hududlarini qaytarishga kuch va imkoniyatlari yetarli» ekanligini ta’kidladi. Undan oldin u Rossiya ideali sifatida XVII asrdagi Imperiyani tilga olgan edi.
Norvegiyadagi ukrain qochqinlari
Norvegiyaga oid yana bir xabar. IMDi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Norvegiyadagi ukrain qochqinlarining faqatgina 10 foizi vataniga qaytish istagini bildirgan, 47 foizi esa urush tugaganidan keyin ham Ukrainaga qaytishni rejalashtirmayapti.
So‘rovga ko‘ra, qochqinlar orasida yoshlar soni ortib bormoqda. Xususan, 16-17 yoshli yoshlar ko‘payayotgani qayd etilgan. Bu 18 yoshga to‘lgan yoshlarning Ukrainadan chiqish imkoniyati cheklangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deydi tadqiqotchilar.
2023 yilda o‘tkazilgan shunga o‘xshash so‘rovda qochqinlarning har uchinchisi Norvegiyada qolishni xohlagan, ko‘pchiligi esa qaytish yoki qolish istagi bo‘yicha aniq javob bermagan.
Ilon Mask natsistlarni qo‘llamoqda
Ilon Mask Germaniyadagi o‘ta o‘ng qanot millatchilari «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasiga sarmoya kiritganini va uni Twitter platformasida faol targ‘ib qilmoqda.
Maskning fikricha, AfD Germaniyada soliqlarni pasaytirish, migrantlarni deportatsiya qilish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish va to‘g‘ri islohotlar o‘tkazishga qodir. U Germaniyaning hozirgi migratsiya va energetika siyosatini keskin tanqid qilib, mamlakat byurokratiya va qoida-qonunlar tufayli iqtisodiy va madaniy inqiroz ostonasida ekanligini ta’kidladi.
Mask AfD’ni «Germaniya uchun so‘nggi umid uchquni» deb atadi.
Ilon Mask Germaniya sanoati va texnologiyalari sohasida yirik sarmoyador sifatida o‘z tanqidlari asosli ekanligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Germaniyadagi holatni isloh qilish AfD orqali amalga oshirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyada Bundestag saylovlari 2025 yilning 23 fevralida bo‘lib o‘tadi.
Gurjiston prezidenti o‘zgardi
Tbilisidagi parlament binosida Mixail Kavelashvilining prezidentlikka inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi prezident muxolifat tomonidan tan olinmagan.
Gurjistonning shu paytgacha amalda bo‘lgan prezidenti Salome Zurabishvili esa Kavelashvilining inauguratsiyasini «parodiya» deb atadi va «Gurjiston orzusi» partiyasini «Rossiyaning fojiasi» deb tanqid qildi. U o‘z qarorgohini tark etishga va lavozimidan voz kechishga tayyor ekanini bildirib, «Men sizlar bilanman» deb xalqqa murojaat qildi.
Kavelashvili inauguratsiyada qasamyod qilib, Gruziya Konstitutsiyasini, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga va’da berdi. U o‘tmishda futbolchi bo‘lgani va oliy ma’lumotga ega emasligi sabab muxolifat tomonidan tanqid qilingan.
Tbilisidagi parlament binosi oldida norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar Kavelashviliga qizil kartochkalar ko‘rsatib, diplomini taqdim etishni talab qilishdi. Ular, shuningdek, o‘z diplomlari bilan parlament tomon yurish uyushtirishgan.
Mavzuga oid
13:45 / 03.01.2025
Yomg‘irda ivigan g‘azoliklar, muzokarani cho‘zayotgan Netanyahu va jahonda tarqalayotgan norovirus - kun dayjesti
13:55 / 28.12.2024
G‘azodagi sovuq qurbonlari, Suvaysh kanaliga raqobatchi qurayotgan Isroil va Trampning ommaviy deportatsiya rejasi - kun dayjesti
14:01 / 27.12.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, Ozarboyjon samolyoti halokati sababi va Yamanga hujum uyushtirgan Isroil - kun dayjesti
13:10 / 26.12.2024