Jahon | 14:13 / 31.12.2024
2194
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Suriya hamkorlikni qayta tiklashni muhokama qildi

Ukraina Suriya bilan diplomatik munosabatlarni tiklashga intilmoqda. Damashq Kiyev bilan strategik hamkorlikka tayyor.

Foto: Khalil Ashawi/REUTERS

Suriya yetakchisi Ahmad al-Shara va Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 30 dekabr, dushanba kuni Damashqda uchrashdi. Ikki tomonlama munosabatlar va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Kiyev Damashq bilan turli sohalarda to‘liq diplomatik munosabatlar va muloqotni tiklashga tayyor, deya ta’kidladi tashqi ishlar vaziri brifingda.

Sibiga uchrashuvda Kiyev Suriyaning yangi ma’muriyatiga dalillar to‘plash, sobiq prezident Bashar Asad rejimining ehtimoliy jinoyatlarini tekshirish va kuzatishda yordam berishini ta’kidladi. «Biz Suriyada diplomatik vakolatxona tashkil etishni yakunlash uchun ikki davlat suverenitetining o‘zaro tan olinishiga ishonamiz», — deya qo‘shimcha qildi diplomat. Sibiga Rossiya ta’sirida Asad rejimi Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi va Donbassning bir qismini vaqtincha bosib olganini tan olganini eslatdi. Bunga javoban Ukraina Suriya bilan diplomatik aloqalarini uzdi. Ammo, deydi u, agar Damashqdagi yangi hukumat xalqaro huquqni, xususan, Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilsa, Kiyev turli sohalarda to‘laqonli diplomatik munosabatlar va muloqotni tiklashga tayyor.

Uchrashuvda ishtirok etgan Suriya o‘tish davri hukumati Tashqi ishlar vazirligi rahbari Hasan al-Shayboniy mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda strategik sheriklik o‘rnatish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Suriya razvedkasining yangi rahbari maxsus xizmatlarni tarqatib yuborishga va’da berdi

28 dekabr kuni mamlakat Bosh razvedka xizmatining yangi rahbari Anas Hasan Xattobning aytishicha, Suriya xavfsizlik va razvedka idoralari tarqatib yuboriladi va ular «Suriya xalqining intilishlari»ga javob beradigan tarzda isloh qilinadi. Uning so‘zlari Suriyaning SANA agentligi tomonidan keltirilgan.

Bashar Asad rejimi davrida, Xattobning aytishicha, «xavfsizlik kuchlari xilma-xil va ko‘p edi, lekin ularning barchasi fuqarolarning erkinligini bostirish uchun ishlatilgan» va Suriya xalqi «quvg‘inlardan juda ko‘p azob chekdi».

Mavzuga oid