Jahon | 14:46 / 06.01.2025
1783
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Isroil «Hizbulloh» bilan uzoq muddatli sulh tuzmoqchi

Isroil Qo‘shma Shtatlar ko‘magida Livanning «Hizbulloh» guruhi bilan noyabr oyi oxirida kelishilgan va yanvar oyi oxirigacha amalda bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishga harakat qilmoqda, deb xabar berdi Isroil matbuoti mamlakat rasmiylariga tayanib.

Foto: Reuters

Isroil Qo‘shma Shtatlar ko‘magida ayni paytda Livanning «Hizbulloh» harakati bilan noyabr oyi oxirida kelishilgan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini uzaytirishga harakat qilmoqda, deya xabar beradi Isroil matbuoti. «AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning lavozimga kirishishidan olti kun o‘tib, 26 yanvarda 60 kun tugasa-da, Bayden ma’muriyati rasmiylari muammolarni hal qilishga va kelgusi ikki hafta ichida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda», — deb yozdi 5 yanvar, yakshanba kuni kechqurun The Jerusalem Post gazetasi Isroil hukumati vakilidan olingan ma’lumotlarga tayanib.

Gazetaning manbasiga ko‘ra, gap sulhni yana 30 kunga uzaytirishga urinish haqida ketmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu shu kuni ertalab xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan keyingi harakatlarni muhokama etish uchun yig‘ilish o‘tkazdi, deb yozadi The Jerusalem Post.

OAV: Muzokaralar AQSh ishtirokida bo‘lib o‘tadi

Xabarga ko‘ra, amerikalik vositachi Amos Xoxshteyn 6 yanvar kuni Livanda «Livan siyosiy va harbiy yetakchilari» bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan. AQSh Markaziy qo‘mondonligi general-mayori Jasper Jyeffers Xoxshteyn bilan uchrashuvga boradi, deb yozadi The Jerusalem Post.

O‘z navbatida, Isroilning boshqa bir nashri The Times of Israel xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats uning hukumati «harakat qilishga majbur bo‘lishi», chunki «Hizbulloh» o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga rioya qilmayotgani haqida ogohlantirdi. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, jangchilar haligacha Livan janubidan olib chiqilmagan, Livan armiyasi esa Isroil bilan chegaradosh zonadagi barcha qurol-yarog‘ va infratuzilmani yo‘q qilmagan.

Ayni paytda Isroil sulhning barbod bo‘lishidan manfaatdor bo‘lishi mumkin emas, deb yozadi The Jerusalem Post. Noyabr oyining oxiridan beri «Hizbulloh» chegaraning Livan tomonida kelishuvni yakka tartibda buzmoqda, biroq 27 noyabrda sulh boshlanganidan beri Isroil hududi raketa hujumlariga uchramadi, ilgari esa bu deyarli har kuni sodir bo‘lgan.

Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi

Isroil parlamenti (Knesset) mamlakatdagi favqulodda holat (FH)ni yana bir yilga — 2025 yilning 25 dekabriga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar berdi 24 dekabr kuni Isroil OAV. Bu taklifni 120 deputatdan 29 nafari qo‘llab-quvvatladi, yana yetti nafari qarshi ovoz berdi, qolganlari qatnashmadi yoki betaraf qoldi.

Shunday qilib, Knesset o‘zining Tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati hamda Adliya qo‘mitasi tavsiyalariga amal qildi. Favqulodda holat mamlakat hukumatiga favqulodda farmonlar, xususan, milliy qonunchilikdan ustun bo‘lgan qoidalarni chiqarish imkonini beradi.

Knesset Isroildagi favqulodda holat muddatini oxirgi marta shu yilning may oyida uzaytirgan edi, biroq o‘shanda uning muddati olti oy bo‘lgan.

Mavzuga oid