Jahon | 21:20 / 10.01.2025
955
3 daqiqa o‘qiladi

Sud «sukut uchun pul» jinoiy ishi bo‘yicha Trampni sharsiz ozod qildi

Hukm Trampda sudlanganlik maqomi bo‘lishini, ammo qamoq yoki jarimaga tortilmasligini anglatadi. U hukm ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.

Foto: AP

Nyu-York shtati sudyasi Xuan Merchan AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning «sukut uchun pul» jinoiy ishi bo‘yicha qaror chiqardi va uni sharsiz ozodlikka chiqarishga buyruq berdi.

CNN xabariga ko‘ra, hukm Trampda sudlanganlik maqomi bo‘lishini, ammo qamoq yoki jarimaga tortilmasligini anglatadi. U hukm ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.

Tramp sud majlisida ishtirok etmadi, sud unga videoaloqa orqali hukmni eshitishga ruxsat berdi — u advokati bilan Floridada edi.

Sud qaroridan so‘ng Tramp o‘ziga nisbatan «juda va juda adolatsiz» munosabatda bo‘lishganini aytdi va o‘ziga qarshi ishni «siyosiy jodugar ovi» deb atadi.

Bu Trampga nisbatan ochilgan va sud hukmigacha yetib borgan yagona jinoiy ishdir.

Maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha ish 2024 yil iyulida tugatildi, 2021 yilda Kapitoliyga bostirib kirish bo‘yicha ish esa noyabr oyida yopilgan edi. Jorjiya shtatida 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini rasmiylashtirishga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq yana bir ish prokuror Fani Uillisning chetlatilishi tufayli uzoq muddatga to‘xtatildi.

Donald Tramp porno-aktrisa Stormi Deniyelsga «o‘z munosabatlari haqida sukut saqlashi uchun» berilgan 130 ming dollarlik to‘lovni yashirish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirganlikda ayblandi. U Tramp bilan 2006 yilda yaqin aloqada bo‘lganini va Trampning sobiq advokati Maykl Koen unga «jim yurishi» uchun pul to‘laganini da’vo qilgan edi. Trampning o‘zi Deniyels bilan aloqalarini rad etdi.

2024 yil may oyida hakamlar hay’ati Trampni ushbu to‘lov hujjatlarini soxtalashtirish bo‘yicha ochilgan ishning barcha 34 ta bandi bo‘yicha aybdor deb topdi. Hukm 11 iyulga belgilangan edi, biroq sudya Xuan Merchan uni bir necha marta, jumladan Trampning prezidentlik saylovidagi ishtiroki tufayli keyinga qoldirdi.

Dekabr oyi boshida Trampning advokatlari unga qo‘yilgan ayblovni olib tashlashni so‘ragan edi. Advokatlar uni prokuror tomonidan nohaq ta’qibga uchraganini, shuningdek, prezident Jo Bayden o‘z o‘g‘li Hanterni afv etganini sabab qilib keltirishdi. Ammo sud Tramp advokatlarining dalillarini qabul qilmadi.

Mavzuga oid