O‘zbekiston | 11:12
1337
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yil Toshkentda 238 kgdan ortiq giyohvandlik va psixotrop moddalar ushlandi

Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning doimiy xizmatlariga qaramay, poytaxtda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolyapti. Shuningdek, poytaxtda aniqlangan «narkotiklar» bilan bog‘liq jinoyatlarning asosiy qismi internet bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda.

Foto: IIBB

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, poytaxtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari doimiy xizmatlariga qaramasdan, giyohvandlik va psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi vositalar bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.

Xususan, olib borilgan tadbirlar natijasida 2024 yil davomida Toshkentda aniqlangan holatlar yuzasidan 3 ming 447 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmog‘i bilan bog‘liq holda sodir etilgan. Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 15 yanvar kuni Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldashev raisligida shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov, Milliy gvardiya shahar boshqarmasi boshlig‘i A.Ortikov, shahar Bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov va boshqa tashkilotlarning mas’ullari ishtirokida muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda shaharda yuzaga kelgan kriminogen vaziyat tanqid ostiga olinib, aholi xotirjamligiga jiddiy salbiy ta’sir qiladigan mudhish jinoyatlar: qasddan odam o‘ldirish, oilaviy zo‘ravonlik, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolgani ta’kidlangan.

Toshkent shahrida bu kabi jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida, 2025 yilning 15 yanvardan «Xavfsiz va sog‘lom poytaxt» kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. 15 fevral kuniga qadar davom etadigan oylik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tun-u kun xizmat tashkil etilib, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Oylik doirasida kuchaytirilgan tartibda tungi reydlar o‘tkazilib, o‘tkir tig‘li va boshqa taqiqlangan buyumlarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish («zakladchik»), «narkograffiti» bilan shug‘ullanish kabi holatlar aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Toshkent shahar IIBB, shuningdek fuqarolardan ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishni so‘ragan.

«Giyohvandlik moddalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, +99871-206-44-79 telefon raqami yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid