Sport | 11:57 / 09.12.2015
12141
5 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Ashurmatov: "Navbahor"ga Roman Abramovichni taklif qilish kerak

"Navbahor" jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov yakunlangan mavsum natijalari bo‘yicha intervyu berdi.

- Siz "Navbahor" jamoasining o‘tgan mavsumdagi o‘yiniga qanday baho berasiz? Mavsum avvalida siz o‘tgan mavsum natijasini yaxshilashni va'da qilgandingiz. Lekin, turnir jadvalidagi o‘rningiz (8-o‘rin - kun.uz izohi) o‘tgan yildagidan yomonroq bo‘ldi.

- To‘g‘risini tan olaman, "Navbahor"ning ishtiroki omadsiz bo‘ldi. Bir qancha omdali g‘alabalar bilan birgalikda alamli mag‘lubiyatlar ham qayd etildi. Jamoa o‘yiniga barqarorlik yetishmadi. Jamoada muammolar bor, hozircha bu haqda gapirmoqchi emasman. Lekin murabbiylar shtabi barchasiga aybdor deb o‘ylamayman. Ularga ayb qo‘yiladigan bo‘lsa, barcha aybni o‘z zimmamga olaman.

Lekin e'tirozlar bildirilishi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Men jamoaga kelgan vaqtda "Namangan" turnir jadvalida eng so‘nggi o‘rinda joylashgandi. O‘tgan 2 yil ichida biz turnir jadvali o‘rtasidan joy oladigan bo‘ldik. Buning uchun, birinchi navbatda sadoqatli muxlislarga minnatdorchilik bildirish kerak.

- Seleksiya ishlari haqida nima deya olasiz?

- Aniq bir narsa deya olmayman. Hozircha yangi futbolchilarni jamoaga taklif etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmayapti. Lekin jamoaga ijara asosida boshqa jamoalarga ketgan futbolchilar qaytib kelishdi. O‘zimiz istagan bir qancha futbolchilarni esa ba'zi sabablarga ko‘ra olib kela olmaymiz.

- Mavsum yakunlandi. Oldindagi rejalar qanaqa?

- Hozir bu savolga aniq javob bera olmayman. Avval viloyat va jamoa rahbariyati bilan uchrashishim kerak. Shundan so‘ng menda aniq javob bo‘ladi.

- "Navbahor" jamoasi futbolchilaridan kimlarni alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

- Barcha futbolchilar yaxshi mavsum o‘tkazishdi. Jamoa yetakchilari sifatida esa Shahboz Erkinov, San'at Shixov va Dilshod Jabborov kabilarni aytishim mumkin. Umid qilamanki, ular keyingi mavsumda ham jamoada qolishadi.

- "Nabvahor"ga chempionlik kurashida ishtirok etish uchun nima yetishmayapti. Axir 20 yildan beri jamoa ichki chempionat g‘olibligini qo‘lga kirita olmayapti.

- Asosiy muammomiz shuki, jamoa o‘yinida barqarorlik yo‘q. Har mavsumda jamoadan 10-15 nafar futbolchi ketadi va har mavsumda boshqa-boshqa tarkibdan foydalanishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Yaxshi natijalar uchun muntazam tarkib bilan o‘ynash kerak. Lekin amalda buning iloji yo‘q. Masalan, hozir ham bir qancha futbolchilar boshqa jamoaga o‘tish bo‘yicha muzokaralarga kirishishgani haqida bilaman.

- "Navbahor"ning omadsiz o‘yiniga aniq javob keltira olmaysizmi?

- Bu savolni ochiq qoldiraman. Vaqt kelsa, barchasini bilib olamiz. 2 mavsum ishlab shuni bildimki, murabbiylar uchun bu jamoada keng imkoniyatlar mavjud emas. Mening qulog‘imga jamoagi yangi murabbiy sifatida Viktor Jalilov yoki Vadim Abramov kabi boshqa mutaxassisni olib kelish kerakligi haqidagi gaplar chalindi. Menimcha esa, "Navbahor"ga Roman Abramovichni ("Chelsi" jamoasi xo‘jayini, rossiyalik milliarder - kun.uz izohi) olib kelish kerak. Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi (kuladi).

- Oliy liganing o‘tgan mavsumi haqidagi fikrlaringizni bildirsangiz...

- O‘tgan mavsumda Oliy liga o‘yinlari yanada qizg‘in kechdi. Ba'zida zerikarli va nursiz o‘yinlar ham uchrab turgan bo‘lsada, qiziq o‘yinlar ko‘proq bo‘ldi. Eng muhimi biz yuqori o‘rinlar uchun shiddatli raqobat guvohi bo‘ldik. Jamoalar oxirgi turga qadar kurashishni to‘xtatishmadi. Shunday o‘yinlar sirasiga oxirgi turda Jizzax shahrida "So‘g‘diyona" va "Buxoro" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni kiritgan bo‘lardim.

- O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Nihoyat O‘zbekiston terma jamoasi hujumkor futbol namoyish eta boshladi. O‘ylaymanki, hozirgi tarkib 2018 yilgi jahon chempionatiga bora oladi. Buni chin dildan istayman.

Mavzuga oid