Sport | 15:48 / 02.05.2016
9216
2 daqiqa o‘qiladi

OAVda Venger «Arsenal»ni qachon tark etishi haqida ma'lum qilindi

«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger jamoa muxlislarining noroziliklariga qaramasdan keyingi mavsumda ham jamoani boshqarishda davom etadi.

Lekin 66 yoshli ushbu mutaxassis 2017 yilning yozigacha tuzilgan shartnomasi oxirigacha ishlaydi va keyin bosh murabbiylikdan ketadi. Bu haqda The Telegraph xabar yozgan.

Xabarda aytilishicha, u 2016/17 yilgi mavsumdan keyin jamoa boshqaruv tizimida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. U «Arsenal»ning bolalar va yoshlar jamoalarini nazorat qiladi. Venger shuningdek, jamoaning transfer siyosati ustidan nazoratni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, APLning 36-turida «Norvich»ga qarshi uchrashuv vaqtida «Arsenal» muxlislari Arsen Vengerga qarshi o‘z noroziliklarini ifoda etishdi. Tribunadagi muxlislar uni iste'foga chaqirib, qo‘llarida «O‘zgarishlar davri keldi», «Venger rejimiga yo‘q deymiz», «Venger - 12 yil, uzrlar. Raneri - 9 oy, chempionlik» kabi yozuvlar tushirilgan bannerlarni ko‘tarishdi.

Venger esa bunga javoban jamoaning omadsizliklariga muxlislar ham aybdorligi, muhim pallalarda ularning qo‘llab-quvvatlovi futbolchilarga yetishmagani, shunga qaramasdan jamoa keyingi 3 yil davomida ancha kuchaygani haqida iddao qilgan. U jamoaning yangi stadioni tufayli bir qator yetakchilarni sotishga to‘g‘ri kelgani, katta xaridlar amalga oshirishning iloji bo‘lmagani haqida gapirib, jamoa muxlislarini «Liverpul» muxlislaridan o‘rnak olishga chaqirgan.

Mavzuga oid