Sport | 15:08 / 10.05.2016
12609
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash: Abdurahmonov va Rahmonov olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Erkin kurashchilar Bekzod Abdurahmonov va Abbos Rahmonov 8 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan ikkinchi jahon saralash musobaqasida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Bu haqda Sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Turnirda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar Olimpiada yo‘llanmalariga ega bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchilar ham o‘z toifasi bo‘yicha finalga yo‘l oldi. Oltin medal uchun kechgan yakkalik bahslarida Abdurahmonov (74 kg) Ispaniya vakili Taymuraz Friyevdan ustun kelgan bo‘lsa, Rahmonov turkiyalik Sulaymon Otlini mag‘lubiyatga uchratdi.

Bekzod Abdurahmonov — 2014 yilgi jahon chempionati bronza medali sohibi, 2014 yilda Osiyo o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan, 2015 yili esa Osiyo chempioni bo‘lgan. U shuningdek, 2015 yili Golden Gran-prisi g‘olibi bo‘lgan. 2015 yilga qadar  noolimpiya toifasida 70 kg vaznda bahslarda ishtirok etgan bo‘lsa, 2016 yildan 74 kg vazn toifasiga o‘tdi.

18 yoshli Abbos Rahmonov Respublika olimpiya zaxiralari kollejida talabasi hisoblanadi. U 2015 yili o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bo‘ldi. Istanbuldagi musobaqa uning katta yoshli terma jamoa tarkibidagi ilk chiqishi bo‘ldi.

Shu tariqa, 2016 yilgi Olimpiadada O‘zbekistondan erkin va yunon-rim kurashi bo‘yicha to‘rt nafardan sportchi ishtirok etadi.

Mavzuga oid