Arman oilasini qatl qilgan rossiyalik askarga hukm o‘qildi
Rossiyalik harbiy xizmatchi Valeriy Permyakov Armanistonning Gyumri tumanida Avetisyanlar oilasini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.
Sud mahkamasi ayblov tomonining talablarini to‘liq qanoatlantirgan.
Qotillik jinoyati yuzasidan mahkama jarayoni o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiyaning Gyumridagi 102-harbiy bazasi hududida boshlangan edi. Permyakov ushbu harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan vaqtda qotillikni sodir etgan.
Tergovga ko‘ra, 2015-yil 12-yanvarida oddiy askar Permyakov qorovullikni ruxsatsiz tark etgan. Shundan so‘ng, u Avetisyanlar oilasining uyiga kelib, 6 kishini otib tashlagan va olti oylik chaqaloqni ham og‘ir yaralab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Permyakov rossiyalik chegarachilar tomonidan arman-turk chegarasini Bayandur qishlog‘ida kesib o‘tishga urinish chog‘ida ushlangan edi.
Ayblanuvchining sudda iqror bo‘lishicha, u Turkiyaga qochish uchun harbiy qismni tark etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomat qurol va pichoqni chegaradagi itlarni qo‘rqitish uchun olgan.
Shundan so‘ng, u o‘tgan yilning avgust oyida dezertirlik va o‘qotar qurolni o‘g‘irlash jinoyati bo‘yicha Rossiya harbiy sudi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgandi. Ommaviy qotillik jinoyati uchun Permyakovni Armaniston sudi Rossiya qonunlari bo‘yicha sud qildi. Permyakov qotillikdagi aybiga iqror bo‘lgan, ekspertlar uning sog‘lomligi borasida xulosa qilishgan.
Mavzuga oid
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
20:41 / 23.12.2024
Rossiyada YouTube trafigi keskin kamaydi
19:55 / 23.12.2024