O‘zbekiston | 19:27 / 07.10.2016
7677
4 daqiqa o‘qiladi

7 oktabr – Butunjahon Munosib mehnat kuni

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Mehnat sohasining istiqboldagi masalalari bo‘yicha milliy muloqot” mavzuida konferensiya o‘tkazildi. 
7 oktabr — Butunjahon Munosib mehnat kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, vazirlik va idoralar, NNT, ilmiy muassasalar, kasaba uyushmalari, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari vakillari qatnashdi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini, fuqarolarning ijtimoiy-mehnat sohasidagi qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Bu yo‘nalishlardagi ishlar XMT, Jahon banki, Yevropa ittifoqi Komissiyasi tomonidan ham yuqori baholab kelinayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. 

Mehnat qonunchiligi zamon talabi asosida takomillashtirilayotgani bu borada muhim omil bo‘layapti. Birgina so‘nggi yillarda Mehnat kodeksiga va “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonunga aholi turli toifalari uchun mehnat kafolatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Joriy yilda davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, kasaba uyushmalari vakolatini kengaytirish orqali xalqaro mehnat standartlarini implementatsiya qilish, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratish, jarohatlanish va baxtsiz hodisalar oldini olishni nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, hukumatimiz tomonidan 2016 — 2018 yillarda qishloq xo‘jaligidagi xodimlar mehnat sharoitlari, bandligi va ijtimoiy himoyasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlanib, izchillik bilan amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi qabul qilinmoqda. Ushbu Dastur doirasida 2016 yilda 992 ming nafardan ortiq kishini ishga joylashtirish, jumladan, sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga 396 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlikni kengaytirish, kasanachilikni tashkil etish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali 596 ming kishi bandligini ta'minlash rejalashtirilgan. 

E'tiborlisi, hozirgi paytda bu yo‘nalishda samarali ish olib borilmoqda. Mahalliy hokimlik organlari bilan hamkorlikda nogironlar va ko‘p bolali onalar hamda boshqa shaxslarni ishga joylashtirish uchun 100 mingdan ortiq ish o‘rinlari rezerv qilingan bo‘lsa, kollejlarning 480 mingdan ziyod bitiruvchisi bandligi ta'minlandi. 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kasanachilik hamda tomorqa xo‘jaligida mahsulotlarni yetishtirish, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda chorvachilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash, ushbu sohalarda band bo‘lganlar ijtimoiy himoyasini ta'minlash ham doimiy e'tiborda bo‘lib kelmoqda.
Shuningdek, tadbirda ta'lim muassasalari va korxonalar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, mehnat bozorining muhim institutlari, ya'ni mehnat inspeksiyalari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar salohiyati va imkoniyatini yanada rivojlantirish, o‘quv va ilmiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash, mehnat va xalqaro mehnat huquqi bo‘yicha yangi avlod darsliklarini tayyorlash hamda ish beruvchilarning ijtimoiy mas'uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.  
Xuddi shu mavzudagi konferensiyalar respublikamizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tdi.

 

Mavzuga oid