Jahon | 14:48 / 09.11.2016
59997
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning g‘alabasidan nimalarni kutish mumkin?

Foto: AP

AQSh prezidentlik saylovlarida kim g‘olib bo‘lishiga  qarab, Independent Trader blogi muallifi mamlakatda qanday geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berishi va bozorlarga ta'siri haqida so‘z yuritdi. 

Amerika o‘zining yangi prezidentini sayladi - respublikachi Donald Tramp demokratchi raqibini ortda qoldirib, g‘olib bo‘ldi. Bu so‘nggi o‘n yilliklarda mamlakat hayotidagi eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqealardan biridir. Shuni ta'kidlash joizki, Kennedi davridan buyon prezidentlikka nomzodlar eng avvalo isteblishment manfaatlarini himoya qilishgan. Biroq bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin, Donald Tramp jamiyatning boy qatlami hukmronligini cheklashga va'da bergan, axir.

Quyida taqdim etilayotgan grafikda amerikalik oddiy ishchining daromad darajasi yirik kompaniya xodimi kirimlaridan qanday farq qilishini ko‘rish mumkin. 

1978 yildan 2015 yilgacha yirik korporatsiyalar xodimlarining ish haqi 500 foizdan 1000 foizga ko‘tarilgan. Aksariyat amerikaliklarning daromad darajasi esa 37 yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolgan!

Bunday tafovut vositalarning noproporsional taqsimlanishiga olib kelgan. 

Geosiyosat

Gapni Trampning harakatlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmasligidan boshlash kerak. Tramp - butun boshli imperiyani qurgan ishbilarmon va tabiiyki, u iqtisodiyot haqida yaxshi tasavvurga ega. 

Trampning eng asosiy niyatlaridan biri - so‘nggi 20 yil ichida AQSh sanoatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan barcha bitimlarni bekor qilishdan iborat. Ishlab chiqarishning Meksika va Xitoyga ommaviy ko‘chib o‘tishi o‘rta sinfga kuchli ta'sir ko‘rsatgan.

Tramp soliqlarni qisqartirishni istaydi. Bu haqiqatga aylansa, juda yaxshi, albatta. Real byudjyet kamomadi 1,3 trillion dollarni tashkil qiladi (YaIMning 7 foizi), Tramp esa infratuzilmani keskin ko‘tarmoqchi, buning uchun unga yana 250 milliard dollar kerak bo‘ladi. 

Trampning hukumat tepasiga kelishi Rossiya bilan munosabatlarni ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin. Bu diqqatga molik eng asosiy omillardan biridir. Zero gap faqat ikki buyuk davlat o‘rtasidagi ziddiyat haqida emas, yadroviy qurol qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jahon urushi haqida ketmoqda. Ushbu vaziyatni yumshatish uchun birinchi navbatda G‘arb Rossiyaga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishi kerak bo‘ladi, bu Yevropadagi vaziyatni ham yaxshilaydi. 

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi Xitoyga yoqmaydi. Ehtimol, shuning uchun XXR Trampga bu qadar salbiy munosabat bildirar. 

Donald Tramp ochiq aksilglobalchi va uning g‘alabasi Buyuk Britaniya tomonidan yo‘lga qo‘yib berilgan trendni tezlashtirishi mumkin. Bir necha oy ilgari yevropaliklar Brexit tufayli Yevroittifoqning abadiy emasligiga guvoh bo‘lishdi. 

Tramp markaziy bank siyosatini qattiq tanqid ostiga olgan. Bugungi kunda bu yerdagi vaziyat haqiqatda juda murakkab. Biroq Tramp bu masalada yetarlicha bilimga ega va u avvalgi prezidentlarning bu boradagi harakatlari nima bilan tugaganini yaxshi biladi. 

Shubhasiz, u bank sektorida "tozalash ishlari"ni o‘tkazadi. Ilgari jarima bilan qutulib ketgan adolatsiz bank rahbarlari panjara ortiga tushishi ham ehtimoldan xoli emas. 

Moliyaviy bozorlar 

Investorlar Klintonning g‘alabasini taxmin qilishayotgan edi. Trampning g‘alabasi esa moliyaviy bozorlarni murakkab ahvolga solishi mumkin.

Fond birjalari ko‘rsatkichlari tushib ketadi, oltin bahosi esa oshadi (Bundan avval berilgan xabarda oltin bahosining 4,5 foizga oshganligi to‘g‘risida ma'lumot berildi). 

AQShning hammadan ko‘p jabr ko‘radigan sektorlari - Obamacare dasturida ancha pul ishlab olgan tibbiy va sug‘urta sektorlari.

Donald Tramp saylovdagi g‘alabasidan keyin Amerika xalqi va uni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va "Amerika orzusi"ni qaytadan quradigan vaqt kelganini ta'kidladi. Shuningdek u raqibi - Hillari Klintonning prezidentlik poygasida oxirgacha kurashganini qayd qildi hamda uning mamlakat manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari uchun tashakkurini izhor etdi. 

Mavzuga oid