Sport | 09:51 / 23.11.2016
4723
2 daqiqa o‘qiladi

«Sevilya» bosh murabbiyi: «Yuventus»ga yutqazishimiz nohaqlik bo‘ldi

«Sevilya» jamoasi ustozi Xorxe Sampaoli Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turida «Yuventus»ga qarshi kechgan va 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindagi hakamlar ishiga norozilik bildirdi.

Angliyalik hakam Mark Klattenburg birinchi bo‘lim vaqtida, hisob mezbonlar foydasiga 1:0 ko‘rinishidaligida mezbonlar vakili Franko Vaskesga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatib, uni maydondan chetlatdi. Keyinroq esa ispanlar darvozasiga penalti belgiladi. Ikkinchi bo‘limda esa arbitr bilan tortishgani uchun Sampaolining o‘zi chetlatildi.

«Hakam meni chetlatgani to‘g‘ri, chunki men uning qarorlariga keskin tarzda norozilik bildirdim. Bu alamli kecha edi, axir biz g‘alaba qozonib turgandik va pley-off masalasini shu o‘yindan keyinoq hal qilishimiz mumkin edi. Bu ba'zi omillar tufayli ro‘y bermadi.

Biz o‘yinga barcha kuchimizni berdik, ammo yakunda bundan hech ish chiqmadi. Aytish mumkinki, o‘n kishi bo‘lib qolganimiz tufayli yutqazdik. Uchrashuvning oxirida biz o‘yinni raqibga topshirib qo‘ydik.

Afsuski, biz o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Men hisoblaymanki, bu o‘yinni boy berishimiz adolatdan bo‘lmadi. Klattenburgning harakatlarimi? Buni baholash mening ishim emas», — deya argentinalik murabbiy so‘zlarini keltirgan Football Italia.

Mavzuga oid