Jamiyat | 11:05 / 27.11.2016
19564
3 daqiqa o‘qiladi

Birovga qozi bo‘lma, uni yaxshiliklarga da'vat etguvchi bo‘l

Mashoyixlarimiz aytadi: “Birov-birovni yomonlayapti, o‘sha yomonlayotgan tomonga yomonlanayotgan tomon gapiryapti: “Sen menda nimani ko‘rayotgan bo‘lsang, bilginki, bu seniki. Men senda nimani ko‘rsam, u meniki bo‘ladi”. 

Ya'ni, haqiqat qanday nigoh bilan qarashga bog‘liqdir. Siz birovda kibrni ko‘rayapsizmi, unga nisbatan mutakabbir, degan da'voni qilayapsizmi, bilingki, kibr o‘zingizda bo‘ladi. Bir olim kishi aytdilarki: “Tilingni birovlarning aybini izlash bilan bulg‘ama. Til sendan boshqada ham bor. Gunoh, ayb senda ham bor. Balki gunoh qilayotgan odamning aybi oxirgisi bo‘lishi mumkin. Balki sening ibodating ham sen uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin”.

“Gunohkorlar va jamiyatning yomon kishilaridan yaxshi gumonda bo‘lish avliyolarning ishidir”, deganlar ulamolar. Bu ulkan qoida. Odamlar orasida munosabatlarning to‘g‘rilanishiga xizmat qiladigan qoida. Siz birovga qaraganingizda o‘zingizni ko‘rasiz. Sizga kimdir qarasa, u o‘zini ko‘radi. Shu sabab, darrov xulosa chiqarishga shoshilmaslik lozim.

Bir shayxdan yosh yigit so‘radi: “Ey Shayx, namozni tark etgan odamning hukmi nima bo‘ladi?” Yigit bu bilan bir benamozni mot qilishni maqsad qilgan edi. Shayx mashoyixlarga xos tarzda javob qaytardilar: “Namozni tark etgan odamning hukmi uni o‘zing bilan masjidga olib borishingda. Sen qozi bo‘lma, balki da'vat qilguvchi bo‘l”.

Eng yaxshi qozi Allohdir. Uning o‘zi dunyo va oxiratda hukm qiladi. Bizning ishimiz birov uchun qozi bo‘lish emas, aksincha bizning vazifamiz da'vat qilish, yaxshiliklarga chaqirishdir. 

Rahmatulloh Sayfuddinov
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid