Jahon | 12:47 / 02.12.2016
12763
3 daqiqa o‘qiladi

«Progress» kosmik kemasi halokati sababi aytildi

Foto: «Roskosmos»

Rossiyaning «Progress MS-04» yuk kemasining halokatiga uni o‘zi bilan olib uchgan «Soyuz-U» eltuvchi raketasi yig‘ilishi vaqtidagi kamchiliklar sabab bo‘lgan. Bu haqda kosmik sanoatdagi manbaga asoslangan holda RIA Novosti xabar berdi.

Shu tariqa, ayni vaqtda halokatning asosiy sababi sifatida RD-0110 dvigatelli yig‘ilishida xatoga yo‘l qo‘yilgani talqin qilinmoqda. Bu talqin keyingi tahlillar yakunida tasdiqlanishi mumkin.

RD-0110 dvigateli Voronejdagi  Ximavtomatiki korxonasida ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Soyuz-U» raketa-tashuvchisi yangi seriyadagi «Progress MS-04» yuk kemasi bilan 1 dekabrda Toshkent vaqti bilan 19.52 da Boyqo‘ng‘irdan Xalqaro koinot stansiyasiga uchirilgandi. Kema XKSga 2,5 tonnaga yaqin yuk, jumladan, yoqilg‘i, suv va qo‘shimcha yoqilg‘i quyish tizimlarini eltib berishi kerak edi.

«Roskosmos»ning ma'lumotlariga ko‘ra, «Progress» uchirilgandan keyin 383 soniya o‘tib, telemetriya yo‘qolib qolgan, ya'ni undan ma'lumotlar kelishi to‘xtagan.

«Progress-MS-04» kemasi bo‘laklarining ko‘p qismi atmosferada yonib ketdi. Qolgan qismi Qizil shahridan 60—70 km uzoqlikka tushgani taxmin qilinmoqda.

Ayni vaqtda taxmin qilinayotgan hududga (Tuva respublikasida) o‘t o‘chiruvchilar guruhi jo‘nab ketgan.

«Vaziyatni aniqlashtirish uchun respublikaning barcha tumanlari bilan hamkorlik tashkil qilindi, o‘t o‘chirish garnizonlari tezkor guruhi yuborildi. Ayni paytda navbatchi smena vaziyatni monitoring qilishda davom etmoqda, guvohlardan ma'lumot to‘planmoqda. Jabrlanganlar haqida axborot kelib tushgani yo‘q», — deyilgan favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, «Progress M-12M» yuk kemasining falokatga uchrashiga sabab bo‘lgan raketa-tashuvchi bilan shunga o‘xshash holat 2011 yil 24 avgustda raketaning 3-pog‘onasi ishi vaqtida yuz bergan.

Mavzuga oid